Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston Prezidenti Sadir Japarovni ilk bor Maslahat uchrashuvida ishtirok etayotgani bilan chin dildan qutladi va bu ko‘p tomonlama muloqot maydoni mintaqamiz farovonligi yo‘lida mamlakatlarimiz sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda, avvalo, joriy yil 11-12 mart kunlari Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil muhokama qilindi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 foizga ortib, 425 million dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarida, xususan sanoat, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda ko‘shma loyihalarni amalga oshirish boshlab yuborilgan. Faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv olib borilmoqda.
Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li strategik ahamiyatga ega ekani, uni qurish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.
Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekistonning mintaqada samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvatlashini bildirdi. Davlatimiz rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari mintaqamizning qardosh xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.
Barcha sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirish uchun oliy va yuqori darajadagi muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.