Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiya doirasida Markaziy Osiyo xalqaro institutining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, mintaqa davlatlarining Tashqi ishlar vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar va boshqa yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida T.Norboyeva Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochilish marosimi qatnashchilariga tabrigini  o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbari tabrigida qayd etilganidek, mazkur institutni tashkil etish hozirgi zamon, mintaqaviy rivojlanish va tarixiy davr talabidir. Bu O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashqi siysiy yo‘lini davom ettirish tarafdori ekanining amaliy tasdig‘idir.

Darhaqiqat, mazkur institut, eng avvalo, mintaqa davlatlari hamkorligini har tomonlama kengaytirishga qaratilgan strategiya va dasturlarning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish, ularni ilmiy asoslangan holda chuqur tahlil va tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar mazkur institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilganini alohida e’tirof etdi.

– Avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyevga mintaqa tinchligi va taraqqiyotiga qaratilgan ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqani uchun minnatdorchilik bildiraman, – dedi Natalya German. – Markaziy Osiyo xalqaro institutining ochilish marosimi ushbu forum doirasida o‘tkazilayotganida ham ramziy ma’no bor. BMT Markaziy Osiyo davlatlari rahbarining siyosiy irodasi va yetakchiligi natijasida mintaqa davlatlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuksak baholaydi. Ushbu jarayonni rivojlantirishda mintaqaviy hamkorlikni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilagan O‘zbekistonning o‘rni katta, albatta.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti mintaqa davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan izlanishlar, Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan bog‘liq turli boshqa tahdid va muammolarni samarali hal etishga qaratilgan tizimli tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yadi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarning tashqi siyosat konsepsiya va maqsadlarini tahliliy yondashuvlar asosida puxta o‘rganadi, mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan turli loyihalarni batafsil tahlil qiladi.

Tadbir ishtirokchilari institutda tashkil etilgan muzey, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

 

A.Xudoyqulov, A.Madaminov (surat), O‘zA