Davlatimiz rahbari yoshlar va talabalar forumidagi nutqida yosh avlodni ma’naviy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash haqida ham so‘zladi.

– Asrlar davomida buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ma’naviy xazinani ko‘z qorachig‘idek asrash va uni yanada boyitish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish – barchamizning burchimizdir.

Do‘ppi, chopon, atlas, adras, so‘zana, kashta, dutor, g‘ijjak, tanbur, do‘mbira, chanqovuz kabi milliy hunarmandchilik namunalari va cholg‘u asboblarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Har bir mahalla, qishloq va tumanda, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim maskanlarida Navro‘z va Mustaqillik bayramlariga bag‘ishlab ko‘rik-tanlov va festivallarni tashkil etish kerak.

Shuningdek, o‘g‘il bolalarni er yigitning qanoti bo‘lgan ot bilan do‘stlashib, mard va jasur bo‘lib kamol topishi uchun, yoshlar o‘rtasida ot sportini ommalashtirish zarur.

Ayniqsa, qorabayir zotli otlar yoshlarimiz uchun g‘urur timsoliga aylanishi lozim. Shu maqsadda, har bir viloyat va tumanlarda “Chavandozlar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yaqinda Germaniyada ot sporti bo‘yicha bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqada samarqandlik maktab o‘quvchisi Abdurahmon Abdullayev ikkita yo‘nalishda oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi. Xalqaro miqyosdagi yutuqlari uchun bu o‘g‘limiz “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Bunday mohir chavandozlarni ko‘paytirish uchun tuman, viloyat va respublika miqyosida ot sporti musobaqalari, shuningdek, uloq-ko‘pkari, chavgon, poyga kabi milliy o‘yinlar tashkil etiladi. Viloyat va tumanlar hokimlari hamda Milliy gvardiya qo‘mondoni bu ishlarni tashkil etishga shaxsan mas’ul bo‘ladi, – dedi Prezident.

 

O‘zA