Andijon shahrida viloyat faollarining yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

Davlatimiz rahbari andijonliklar bilan ushbu muloqotdan eng katta maqsad-muddao qabul qilingan farmon va qarorlar joylarga yetib borayaptimi – Andijon shahri va tumanlardagi studiyalarda o‘tirgan faollar shu boradagi muammolarni aytishlari kerakligini ta’kidladi.

– Hamma natijalarimiz o‘zimizniki. Oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha katta marralar qo‘yganmiz. Yechilmagan ko‘p-ko‘p muammolar turibdi, ularni joylardagi mahalliy rahbarlar ongidan o‘tkazishi kerak. Endi Andijonda kechagidek yashash mumkin emas. Keyingi 4-5 yil juda katta sinovlardan o‘tdik, ko‘p masalalarning ichiga kirdik, harakat qildik. Agar joylardagi to‘rtta sektor rahbarlari vatanparvar bo‘lsa, hokim zamonaviy, hozirgi islohotlarni tushunadigan bo‘lsa, o‘sha joyda albatta o‘zgarish bo‘ladi.

Bitta narsani yana sizlarga ta’kidlamoqchiman, Toshkentda o‘tirgan vazirlarning ishlari hali qoniqarli emas. Ular yaxshi ishlamagani uchun joylardagi davlat idoralari vakillari, hokimlar, tumanlardagi idoralar mutasaddilari pastga tushib ishlashni o‘rganolmayapti. Qanday og‘ir bo‘lmasin, buni tan olishimiz kerak. Ko‘pchilik rahbarlar 50 foiz uyg‘ongan. Agar hozirgi talabga munosib bo‘lib, o‘zimizni qiynab, xalqimizning dardini bilib harakat qilsak, Andijonda o‘zgarish mutlaqo boshqacha bo‘ladi, men bunga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA