Ayni paytda Andijon shahrida viloyat faollarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari kecha Izboskan tumanida o‘zi bilan uchrashgan Umidaxon Usmonova o‘z xonadonida yetarli sharoit yo‘qligiga qaramasdan, hattoki uyining mehmonxonasida parranda boqib, aholiga tarqatib kelayotganini ta’kidladi. U bugungacha 23 ming bosh xonaki tovuq tarqatgan.
– Bu tadbirkor va shijoatli ayolning Urganji mahallasida qilgan ishlari menga juda ma’qul bo‘ldi. Shuning uchun, «Mikrokreditbank» bu tadbirkor singlimizga 5 milliard so‘m miqdorida foizsiz kredit ajratadi. Yana bir alohida sovg‘amiz bor – hozir Sizlarning ko‘z oldingizda Umidaxon singlimga «Mehnat shuhrati» ordeni topshiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda tadbirkor Umidaxon Usmonovani «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni o‘qib eshittirildi.
Davlatimiz rahbari fidoyi ayolga yuksak mukofotni tantanali topshirdi.
Yig‘ilganlar Prezidentimizning ushbu tashabbusini gulduros qarsaklar bilan olqishladi.
O‘zA