Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10-11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Prezidentimiz tashrif doirasida 11 iyun kuni Dushanbedan Xo‘jandga keldi.

Oliy martabali mehmonni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.

Xo‘jandda davlatimiz rahbari tashrifiga katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan aeroport va ko‘chalarda jamoatchilik vakillari Prezidentimizni katta xursandchilik bilan qarshiladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan birgalikda Xo‘jand shahri yaqinidagi “Arbob” madaniyat saroyiga tashrif buyurdi. Bu yerda So‘g‘d viloyati jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston peshvosi Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan ikki mamlakat o‘rtasida ishonch va do‘stlik muhiti yaratilganini ta’kidladi.

– Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va «arxitektori» hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, – dedi Emomali Rahmon.

Keyingi yillarda davlat chegaralarida 17 ta o‘tkazish punkti ochilgani, Tojikiston xalqi bundan minnatdor ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarga chuqur hurmatini bildirib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni qadrlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish haqida nutq so‘zladi.

– Avvalambor Siz azizlar, So‘g‘d viloyati jamoatchiligi va faollari, nuroniy oqsoqollar, ziyolilar, yoshlar bilan qadimiy va navqiron Xo‘jand shahrida diydor ko‘rishib turganimdan baxtiyorman. Hozirgina Tojikiston rahbari, qadrli birodarim Emomali Sharipovich ta’kidlaganidek, bu kunlar tarix, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Dini, urf-odat va qadriyatlari mushtarak o‘zbek va tojik xalqlari asrlar davomida yon qo‘shni, do‘st va hamkor bo‘lib yashagan. Shubhasiz, bu bebaho boylikni ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish muqaddas burchimizdir.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qaror topgan yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tufayli biz ulkan natijalarga erishmoqdamiz. Albatta, bunday yutuqlarga erishishda Siz, azizlarning, ikki mamlakat jamoatchiligi va ziyolilarining beqiyos hissasi borligini biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti tashrifining muhim qismi Xo‘jand shahrida o‘tgani bejiz emas. Bu qadimiy shahar o‘zbek va tojik xalqlari uchun birdek qadrli. U asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lidagi markazlardan biri bo‘lib, mintaqamiz madaniy hayotida alohida o‘rin tutgan.

Dushmanga qarshi yelkama-yelka kurashgan buyuk sarkardalar – xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi va Xo‘jandning shonli farzandi Temur Malik jasorati xalqlarimiz xotirasida muhrlanib qolgan. Keyinchalik temuriylar, shayboniylar va xonliklar davrida ham Xo‘jand muhim qo‘rg‘on bo‘lgan, rivojlangan.

bugungi kunda Xo‘jand shahrida O‘zbek ma’naviyati va ma’rifati markazi, mahalliy universitetda o‘zbek filologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan ilmiy maktab faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda, barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda bir million olti yuz ming nafar tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, o‘qituvchi va shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor.

Mamlakatimizda 15 ta tojik milliy madaniyat markazi millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. 255 ta maktabda ta’lim tojik tilida olib borilayotir. Bir qator oliy o‘quv yurtlarida shunday fakultetlar va bo‘linmalar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ushbu yo‘nalishlarga qabul o‘rinlari ikki barobar ortadi.

Mamlakatimizda keyingi yillarning o‘zida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston va Tojikistonda ikki xalqning madaniyati va san’atini o‘rganishga, o‘zaro boyitishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining tashrifi davomida imzolangan hujjatlar bunga yanada keng imkoniyat yaratadi. Xususan, Madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risidagi bitim xalqlarimizning ma’naviy aloqalarini mustahkamlash, yoshlarimizni umumiy manfaatlar atrofida jipslashtirishga yo‘naltirilgan qator loyihalarni ko‘zda tutadi.

Uchrashuvda dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, bizning mintaqamizda ham xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelayotgani qayd etildi.

– Biz tinchlik va barqarorlik, do‘stlik va hamkorlik kabi buyuk ne’matlarni alohida qadrlashimiz va mustahkamlashimiz, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini tarbiyalashimiz kerak, – dedi O‘zbekiston Prezidenti. – Sa’y-harakatlarimizni birlashtirsakgina xalqlarimiz uchun tinchlik va xotirjamlikni, kelgusi avlodlarga farovon hayotni ta’minlashdek umumiy maqsadga erishishimiz mumkin. Ishonchim komilki, siz, ijodiy va ilmiy sohalarning hurmatli vakillari, o‘zingizning boy bilim va hayotiy tajribangiz, tashabbuskorlik va g‘ayratingiz bilan xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shasiz.

Prezidentlar «Arbob» madaniyat saroyini ko‘zdan kechirdilar. Ushbu majmua 1959 yilda barpo etilgan. U tojik xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega. O‘tgan asrning 90-yillari boshida bu yerda mamlakat mustaqilligiga doir muhim qarorlar qabul qilingan. Bu yerda 1992 yilda – Tojikiston taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan pallada Emomali Rahmon davlat rahbari lavozimiga kirishgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamrohligida “Qayroqqum gilamlari” korxonasini borib ko‘rdi.

Bu fabrika 1957 yilda ishga tushirilgan. 2019 yilda modernizatsiya qilinib, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Xitoy va boshqa davlatlardan olib kelingan uskunalar o‘rnatilgan. Natijada mahsulot sifati yaxshilangan.

Hozir bu yerda yiliga 3 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Korxona to‘liq quvvatda ishlay boshlasa, yiliga 5 million kvadrat metr mahsulot tayyorlash imkoniga ega bo‘ladi.

Qayroqqum gilamlari Sharq an’analarini aks ettiruvchi jozibadorligi va naqshlari bilan mashhur. Shu bilan birga, avangard uslubida gilamlar to‘qish yo‘lga qo‘yilgan. Yuqori sifati tufayli korxona mahsulotlari turli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

O‘zbekiston Prezidentiga korxonani rivojlantirish jarayoni, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berildi.

Navbatdagi ob’ekt tomon yo‘l olar ekan, davlat rahbarlarining korteji Qayroqqum suv ombori yonida to‘xtadi. Prezidentlar suv omborini ko‘zdan kechirib, suhbatlashdi.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon So‘g‘d viloyati Bobojon G‘afurov tumanidagi “Vaxdati millat” bog‘iga tashrif buyurdi.

So‘g‘d viloyati Sirdaryo bo‘yida joylashgan bo‘lib, dehqonchilik uchun juda qulay. Bu yerda meva-sabzavotchilik rivojlangan. Tojikistonda yetishtiriladigan jami qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qariyb 43 foizi So‘g‘d viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Vaxdati millat” bog‘i 2008 yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 700 gektar bo‘lib, shundan 500 gektarida mevali daraxtlar o‘tqazilgan. Bog‘ hududida qariyb 300 tonna sig‘imli sovutish ombori ham bor.

2018 yildan boshlab bu yerda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. bugungi kunda to‘rtta havzada oq amur, xumbosh va sazan kabi baliq turlari ko‘paytirilmoqda.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida bu borada ko‘plab shartnomalar imzolangan. Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi chog‘ida ham qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Prezidentlar bog‘da tashkil etilgan Tojikiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni o‘zaro yetkazib berish, saqlash va eksport qilish bo‘yicha soha mutasaddilariga ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi yakunlandi. Xo‘jand xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon kuzatdi.

 

Matnazar ELMURODOV,

O‘zA maxsus muxbiri

Xo‘jand – Toshkent.