Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 12 may kuni makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari pandemiya tufayli butun dunyoda iqtisodiy vaziyat hamon og‘ir ahvolda ekani, mamlakatimizda iqtisodiyotni pandemiyadan oldingi holatga qaytarish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi. Murakkab pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlangani natijasida iqtisodiy barqarorlikni, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va ish o‘rinlarini saqlab qolishga erishilgani qayd etildi.
Jumladan, birinchi chorakda yalpi ichki mahsulot 3 foizga, sanoat – 3,8 foizga, qishloq xo‘jaligi – 3,1 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti daromadlari prognozga nisbatan 1,9 trillion so‘mga (5,7 foiz), jumladan, soliq tushumlari 1,5 trillion so‘mga (6,1 foiz) ko‘paydi.
Eksport hajmi yanvar-aprel oylarida 3,2 milliard dollarni (prognozga nisbatan 17 foizga ko‘p) tashkil qildi.
Shu bilan birga, joriy yil uchun reja qilingan 5,1 foiz iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi hudud va tarmoq salohiyatiga nisbatan ancha past.
– Biz juda katta hisobot va tahlil qildik, zamin yaratdik, mablag‘ berdik, qarorlar qabul qildik. Agar barcha mas’ullar bu qarorlarni bajarganda iqtisodiy o‘sish boshqacha bo‘lardi, – dedi Prezident.
Davlat rahbari birinchi yarim yillikda YAIM o‘sishini kamida 6 foiz bo‘lishi uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, tarmoq rahbarlari qo‘shimcha zaxiralarni topib, amalda ishga solish bo‘yicha topshiriq berdi.