Bugun, 6 may kuni chet tillarni o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari yosh avlodga ta’lim beradigan o‘qituvchilarni o‘zini o‘qitish zarurligini qayd etdi.

– Barcha sohada Yangi O‘zbekistonni quramiz deyayapmiz. Chet tillarni o‘rganishga yetarli e’tibor berilmagani uchun shu ahvolga kelib qoldik. Yangi O‘zbekiston shiorda emas, amalda bo‘lishi kerak. Shu bois, kelgusi yildan davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilish majburiy bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev

Shu talabdan kelib chiqib, kelgusi yildan boshlab magistratura va doktoranturaga kiruvchilar chet tilini bilish xalqaro sertifikatiga ega bo‘lish talabi kiritilishi qayd etildi. Shu bilan birga, yangi o‘quv yilidan boshlab oliygohlarda tegishli mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda o‘qitish tizimi joriy etiladi.

Bunda tibbiyot, agrar, fizika, matematika, geologiya, texnika kabi aniq sohalar bo‘yicha chet tilida o‘qitishni 10 ta nufuzli oliygohda boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Umuman, yangi o‘quv yilidan boshlab, chet tillari bo‘yicha qabullar soni 2 baravarga oshirilib, 16 mingtaga yetkazilishi, davlat granti esa 3 baravarga oshirilishi (4,5 mingta – tah) aytib o‘tildi.

Chet tilini o‘qitishning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy doktoranturada ta’lim olish uchun yiliga 20 ta o‘rin ajratilishi belgilandi. Shuningdek, oliygohlarda tabiiy va texnik fanlar bo‘yicha xorijiy darslik va qo‘llanmalardan erkin foydalanish yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi.

Yangi o‘quv yili boshlangunga qadar har bir oliygoh rektorlariga davlat-xususiy sheriklik asosida o‘qituvchi va talabalarga xorijiy tillarni puxta o‘rgatadigan til markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda Samarqand chet tillari instituti rektori Ilxom To‘xtasinov ushbu vazifalarni qanday tashkil etishini o‘z so‘zida tushuntirdi.

 

O‘zA