Bugun Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muhtor elchisi Amira Fahmiy bilan uchrashdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holatiga e’tibor qaratilib, aloqalarni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.
Elchi yurtimizdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yutuqlarni alohida e’tirof etdi.
Toshkentda Misr madaniyati durdonalari, asriy urf-odatlarini aks ettiradigan ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar tashkil qilish respublikada turizm rivojiga salmoqli hissa qo‘shishi ta’kidlandi. Shuningdek, Fahmiy xonim ikki davlat tibbiyot sohasidagi malakali mutaxassislar, soha yetakchilari o‘rtasida tajriba almashish, O‘zbekiston va Misr tarixi va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish bo‘yicha taklif kiritdi.
O‘z navbatida, poytaxt hokimi ham Toshkent va Qohira o‘rtasida aloqalar yanada mustahkamlanishi lozimligini qayd etib, poytaxtlarda xalqaro turistik ko‘rgazma-yarmarkalar tashkil qilish tashabbusini qo‘llab quvvatladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
O‘zA