Farg‘ona shahrida Rossiya Federatsiyasining yirik qurilish kompaniyalari – “PIK-Industriya” aksiyadorlik jamiyati va “TexStroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov o‘tkazilmoqda.
Besh kun davomida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatidan ishga bormoqchi bo‘lganlar montajchi, elektr payvandchi, elektr montajchi, g‘isht terish, qoliplash kabi ishlarga saralab olinadi.
Ishsizlik muammosi mamlakatimizda ham boshqa davlatlar qatori asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Pandemiya davrida xorijda ishlayotgan mehnat migrantlari yurtimizga qaytdi, ishsiz qolganlar soni yanada ko‘paydi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 15 sentyabrda “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining qabul qilinishi bu borada muhim qadam bo‘ldi. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar chetda ishlayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash borasida yechimini kutayotgan muammolarni tizimli hal etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va viloyatlar hokimliklari tomonidan fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijda ishga joylashtirish, ular bilan doimiy muloqot qilish va muammolarini tizimli hal qilishni tashkil etish kabi masalalarga muhim e’tibor qaratib kelinmoqda.
bugungi kunda mehnat migrantlari ish beruvchi kompaniyalarni topish, til bilish va o‘sha davlatdagi mehnat qonunchiligini o‘rganish kabi muammolarga ko‘p duch kelmoqda. Endilikda xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, Farg‘ona viloyatida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona shahrida “Ishga marhamat” monomarkazi ochilib, turli kasblarga o‘qitishni boshladi. Farg‘ona tumanida kasb-hunarga o‘qitish markazi tashkil etilib, shahar va tumanlarda 17 ta filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, hududlarda qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari ham tashkil etildi. Hozirga qadar bu markazlarda besh mingdan ortiq aholi kasb-hunarga o‘qitildi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyat hududiy filiali tomonidan xorijlik ish beruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatilib, mingdan ortiq fuqarolar Rossiya Federatsiyasiga ishga yuborildi. Ayni kunlarda Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya davlatlaridagi ish beruvchi kompaniyalar bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.
Bugun Farg‘ona shahrida boshlangan tanlovda Andijon viloyatidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etmoqda. “PIK-Industriya” aksiyadorlik jamiyati va “TexStroy” mas’uliyati cheklangan jamiyatining vakillari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga tanlab olishda rus tilini bilish darajasi, kasbiy malakasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tanlab olingan mehnat migrantlariga ish joyida barcha sharoitlar yaratib beriladi, ijtimoiy muhofaza qilinadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, malakasi, ish hajmiga qarab, oyiga 500 dollardan -1500 dollargacha ish haqi beriladi.
– Shahar va tumanlarimizdan xorijda qurilish sohasida ishlamoqchi bo‘lgan 2 ming 500 nafar ishsiz aholining ro‘yxatini shakllantirganmiz, – deydi Andijon viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev. – Ular uchun maxsus avtobuslarni tashkil qilib, bugungi tanlovda qatnashishini ta’minlayapmiz. Viloyatimiz aholisi zich joylashgan bo‘lib, ishsizlik o‘tkir muammolarimizdan biridir. Pandemiya davrida Andijon viloyatida salkam 57 ming nafarga yaqin fuqarolarimiz chetdan qaytib kelgan. bugungi kunda xorijda ishlamoqchi bo‘lganlar juda ko‘p. Shu bois ularning kasb-hunar va til o‘rganishi muhim. Buning uchun shahar va tumanlarimizda barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidagi uchrashuvda Rossiyaning mazkur kompaniyalarida jami 14 ming nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini ishga joylashtirish imkoniyati mavjud ekanligi ma’lum qilingan.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA