Ijtimoiy tarmoqlarda qoidabuzarlarni tasvirga olib, tegishli idoraga jo‘natayotganlar bilan bog‘liq bahs-munozaralar tinmayapti, “samasud” qilish holatlari ham ko‘paymoqda. Kecha esa YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov shu yilning 1 martidan boshlab tadbirkorlarga qoidabuzarliklarni tasvirga oluvchi foto-videolar o‘rnatish huquqi berilishini ma’lum qildi.
Albatta, bunday nazorat ko‘pchilikka, ayniqsa, qoidabuzarlarga yoqmayapti. Bunday shaxslar “sotqin”, “nomard”likda ayblanyapti, hatto Vatan “xoini”ga chiqarilyapti. Lekin so‘nggi yillarda shunchalik ko‘p “avariya”lar sodir bo‘lyaptiki, bolalar qolib, hatto kattalar ham ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qoldi. Demak, bizga shunday nazorat juda-juda zarur edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har kuni 350 kishi, bir yilda esa 1,3 milliondan ortiq odam yo‘l hodisalari qurboniga aylanyapti. 50 milliondan ortiq inson jarohatlanyapti.
O‘zbekistonda ham bu ko‘rsatkichlar ancha yuqori. 2019 yili 2096 kishi halok bo‘lgan, 10 mingdan ziyod kishi jarohatlangan. Bu raqam 2018 yilga qaraganda kamaygan bo‘lsa-da, bitta o‘lim ham ko‘p. Chunki yo‘llarda bunday hodisalarning ko‘payishiga avvalo o‘zimiz sababchi bo‘lyapmiz va albatta, buning oldini olishimiz, hech bo‘lmaganda kamaytirishimiz mumkin. Buning uchun jamoatchilik nazorati yanada kuchayishi lozim.
Demak, inson hayotiga zomin bo‘ladigan, jamiyatga xavf keltiradigan hodisalarga qarshi har qanday chorani qo‘llash maqsadga muvofiq. Chunki 2096 kishining orasida kimningdir ota-onasi, jigari, jondan ortiq farzandlari bor. Bugun “stukach”lab dod solayotganlarning yaqinlari ham bo‘lishi mumkin. Yoki ularning o‘zlari shunday hodisalarni sodir etishdan qo‘rqayapti.
Albatta, avvalo, davlatning o‘zi ham haydovchilarga, yo‘lovchilarga zarur sharoitlarni yaratishi kerak. Yo‘llar talabga javob bermaydi, xavfsizlik belgilari noto‘g‘ri o‘rnatilgan, ko‘p yoki umuman o‘rnatilmagan. Mana shu vaziyat ham shunday hodisalarning yuz berishiga sabab bo‘layotgani achchiq haqiqat.
Nima bo‘lganda ham, avvalo, o‘zimiz – haydovchilar, yo‘lovchilar ko‘chaga chiqqanda yo‘l qoidalariga qat’iy amal qilishimiz lozim. Shundagina kutilmagan jarimalarni to‘lamaymiz. Eng asosiysi, begunoh odamlarning, o‘zimizning hayotimizga xavf tug‘dirmaymiz.
Jahongir ZIYAEV, O‘zMTDP deputati