Faxriddin Axnazarov Samarqand viloyati Paxtachi tumanining Forish qishlog‘ida duradgor oilasida 11 farzandning sakkizinchisi bo‘lib dunyoga kelgan. Tug‘ilganda 6 kg. 200 gramm bo‘lgan ekan. 12 yoshida akasi – «O‘zbek yo‘lbarsi» deb nom qozongan Bahrom Axnazarov izidan borib, sirk san’atiga qadam qo‘ydi.

– Ginnes rekordlariga kirishim shunday boshlangan edi. Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar bo‘ylab gastrolga chiqqandik. Maykl (guruh rahbari) juda xavotirlandi. Chunki chiptalarimiz qimmat edi. Shunda men Mayklga bir taklif bildirdim: «Chiqishlarimizdan bir oy oldin reklamamiz uchun yo‘lovchi samolyotni ma’lum masofagacha tortib boraman. Hali bu tryukni dunyoning hech bir polvoni bajargan emas. Gazetalar bu haqida yozadi va biz bepul reklama uyushtiramiz», – dedim. Maykl ishonib-ishonmay taklifimga rozi bo‘ldi. Men shu tariqa Gonkongda birinchi rekordimni o‘rnatdim.

«Rekordlarim ichida Arab amirliklarida ko‘rsatgan tryukimdan o‘zim ham faxrlanaman. O‘shanda har biri 7 tonna keladigan AQSH harbiy yuk mashinalarini tishimda tortgan edim», – deydi Faxriddin Axnazarov Rossiyaning «Faktы» saytiga bergan intervyusida.

29 marta Ginnes rekordlariga kiritilgan Faxriddin qo‘llarining kafti bilan taxtaga 100lab mixni qoqadi, tishida 150 kilogrammlik yukni bemalol ko‘taradi, 16 yo‘lovchisi bor avtomobilni bir qo‘li bilan hech bir qiyinchiliksiz ma’lum masofagacha tortib bora oladi.

Bolalikdagi kumiri – Gollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri Arnold Shvarseneggerning Faxriddin Axnazarov chiqishlarini ko‘rish uchun farzandlari bilan birga tomoshaga kelishi, shuningdek, AQSHning 42- prezidenti Bill Klinton, Angliya qirolichasi Yelizaveta II larning o‘zbek polvoni shou-dasturiga tashrif buyurishi, «Oskar» taqdimotida chiqish qilgani, jahon kino san’ati namoyondasi Jeki Channing birga filmga tushish taklifini bildirishi…

Bu kabi muvaffaqiyatlar dong‘i dunyoga taralgan polvonni aslo havolantirmagan. U hamon o‘zini dunyo miqyosida tasavvurga sig‘mas natijalarga erishgan muzaffar inson emas, farzandlari uchun jonkuyar ota, rafiqasi uchun vafodor umr yo‘ldosh, uni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onasining yuzini yerga qaratmagan qobil farzand deb biladi.

Oilaning katta farzandi Baxrom Axnazarov bilan boshlangan polvonlar sulolasining sirk san’atidagi faoliyatini Qahramon, Ozod, Navro‘z, Kamol, Mo‘minjon, Shohrux, Ulug‘bek Axnazarovlar davom ettirmoqda.

«XX asr Gerakli» – Faxriddin Axnazarovning zamondoshi, qishloqdoshi, va tengdoshi o‘laroq bir paytlar bu oila tufayli butun bir tuman yoshlari og‘ir atletika bilan shug‘ullana boshlaganini va qishlog‘imizdagi har bir xonadonda shu sport turiga oid sport anjomlari paydo bo‘lganini chuqur bir iftixor bilan eslayman.

Har davrning o‘z qahramoni, har davraning o‘z lideri bor. O‘zbek mumtoz sport turini jahon sirk arenasiga olib chiqib, millatlararo tanitgan, zamonaviy sirk shoulari bilan uyg‘unlashtira olgan Axnazarovlar tom ma’noda millatimizning sharafidir.