Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz hududlariga tashriflarida bank tomonidan 2017-yilda umumiy qiymati 106 milliard so‘m, shundan 65 milliard so‘m bank krediti bo‘lgan 16 loyiha taqdimot qilingan. Bu haqda Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Misol uchun, Xorazm viloyatida «Bog‘ot qishloq qurilish O‘tkir servis» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga zamonaviy issiqxona tashkil qilish uchun bank tomonidan 9,5 milliard so‘m ajratilgan. Loyiha natijasida yiliga 260 tonnagacha qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish imkoni yaratilib, 32 kishi ish bilan ta’minlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «Kam ta’minlangan oilalarni bandlik bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ga muvofiq bankning 19 filiali tomonidan 21 tumanda kam ta’minlangan oilalarga 3 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari berildi.

2017-yilning o‘tgan davridagi faoliyatida mazkur bank tuzilmalarida kichik biznes subyektlariga 955 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 190,8 milliard so‘mga ortiq. Shuningdek, yangi kichik biznes subyektlari faoliyatini tashkil etish uchun 334 milliard so‘m mikrokreditlar berildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA