Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni Toshkent shahrida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, bu boradagi ishlarning samaradorligini, aholiga sifatli va oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish qamrovini oshirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar hisobotini tingladi.
Davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olib, deyarli har bir yigʻilishda bu masalaga toʻxtalib oʻtmoqda. Jumladan, 15-iyul kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi epidemiologik vaziyatni jilovlashdagi ishlar jiddiy tanqid qilinib, kasallarni oʻz vaqtida va toʻgʻri davolash uchun sharoit yaratish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi.
Xususan, poytaxtimizda qisqa vaqtda keng koʻlamli tashkiliy ishlar amalga oshirilildi. Yunusobod tumanidagi “Oʻzekspomarkaz” pavilyonida, gimnastika saroyida, “Yoshlik” sport majmuasi va boshqa binolarda koronavirusga gumon qilinganlarga tashxis qoʻyish, zaruratga koʻra davolash uchun sharoit yaratilmoqda. Ular pandemiya talablari asosida jihozlanib, zarur tibbiy uskunalar bilan taʼminlanmoqda.
Kasallikka chalinganlar va ayni kunlarda pnevmoniyadan aziyat chekayotganlarga amaliy yordam tariqasida 10 ta maxsus poliklinika tashkil etildi. Ularning faoliyati tunu kun yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, fuqarolar bu yerga murojaat qilish orqali malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Prezentatsiya shaklidagi muhokamada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, markaziy muassasalar, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlashga jalb etilgan boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlash milliy tizimini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, poytaxtdagi sport majmualari negizida tashkil etilayotgan taqsimlash markazlari va yangi klinikalarni tibbiy xodimlar bilan taʼminlash, koronavirus bilan xastalangan shaxslarni samarali davolashga mamlakatimiz harbiylari, harbiy-tibbiy muassasalarning xizmatchilari va tibbiyot mutaxassislarini jalb qilish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Jalb qilinayotgan tibbiyot xodimlarining smenadagi mehnatiga har kuni, oʻz vaqtida haq toʻlash, ularni zarur yakka tartibdagi himoya vositalari, oziq-ovqat va yotoq bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Muhokama yakunida mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga bu boradagi ishlarni tashkil etish boʻyicha aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.