Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishi rivojlantirilishini aytgan edi. Joriy yilda matematika ana shulardan biri sifatida belgilandi.
Bu xalqimizni ham, ilmiy jamoatchilikni ham gʻoyat quvontirdi. Chunki matematika yurtimizda chuqur tarixiy asosga ega va bugungi kunda taraqqiyot uchun gʻoyat dolzarb.
Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishni rivojlantirishda Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta oʻrin tutadi. 1943-yilda tashkil etilgan bu dargoh oʻtgan davrda matematik tadqiqotlarning yirik markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda shakllangan algebra va funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika boʻyicha ilmiy maktablar jahon olimlari tomonidan eʼtirof etilgan.
Lekin shu paytgacha institut eski, taʼmirtalab binoda ish yuritib kelayotgan edi. Matematiklarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Yangi imoratda 7 ta ilmiy laboratoriya va “Yosh matematiklar” markazi faoliyat yuritadi. Binoning shinam qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilgʻor texnika va uskunalar bilan jihozlangan.
– Bu zamonaviy institut barcha olimlar uchun maʼrifat markazi boʻlishi kerak. Matematika koʻp fanlarga yoʻl ochadi. Uni Talabalar shaharchasida barpo etganimiz bejiz emas. Bu institut taʼlim va ilm-fan oʻrtasida uzviylikni taʼminlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda taʼlim sohasi mutasaddilari, rektor va matematik olimlar bilan muloqot boʻldi.
– Matematika fanining tamal toshini Al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy kabi ulugʻ bobolarimiz qoʻygan. Bu bizning qonimizda bor. Lekin oxirgi yigirma yilda matematikadan bilim darajasi pasayib ketdi. Chunki oʻqituvchilarga kerakli eʼtibor, munosib oylik berolmadik, pirovard maqsad qoʻya olmadik. Buning oqibati hozir koʻpdan-koʻp sohalarda sezilyapti. Bugun bu fanni rivojlantirishdan maqsadimiz – matematika boʻyicha raqobat muhitini yaratish, sanoat, muhandislik yoʻnalishlari boʻyicha yetuk kadrlar tayyorlash, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari joriy yil 31-may kuni olimlar bilan uchrashuvda matematik ongni bogʻchadan boshlab shakllantirish zarurligini taʼkidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Matematika institutida maktabgacha taʼlim, maktablar va oliy oʻquv yurtlaridagi darslarni muvofiqlashtiradigan tizim yoʻlga qoʻyilmoqda.
Shu boradagi taqdimot bilan tanishar ekan, Prezidentimiz “matematika oʻqituvchilarining bilim va malakasi boʻyicha har bir tuman kesimida tahlil bormi? Moddiy va tashkiliy jihatdan yana nimalar qilishimiz kerak?” deya savollar qoʻydi.
– Kechagi dars berish uslubi bilan matematikani jadal rivojlantirib boʻlmaydi. Shu bois avval amalda yaxshi natija bergan xorijiy metodika asosida taʼlim dasturlari yaratib, oʻqituvchilarni qayta tayyorlash zarur. Metodika shunday boʻlishi kerakki, u bolalarda matematikaga muhabbat uygʻotsin. Buning uchun oʻquvchilar bu fan hayotda, har bir sohada oʻziga kerakligini anglashi zarur. Yoshlar imtihondan oʻtish uchun emas, bilimli mutaxassis boʻlish uchun oʻqishi lozim, – deb taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Oxirgi besh-oʻn yilda matematika yoʻnalishi boʻyicha universitetlarni bitirgan yoshlarni topib, xohishiga qarab qayta tayyorlab, maktablarga, fan nomzodlarini esa oliy taʼlim muassasalariga ishga jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Matematika kafedra mudirlarini saylash tartibini joriy qilish, kafedra mudirlari kengashi tuzib, doimiy tajriba almashinuvni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Matematika institutida 72 nafar ilmiy xodim, jumladan, 5 nafar akademik faoliyat yuritmoqda. Oxirgi ikki yilda 11 nafar fan doktori va 14 nafar fan nomzodi tayyorlangan. 422 ta ilmiy maqola (245 tasi chet elda), 9 ta monografiya (5 tasi chet elda) chop etilgan.
Sohadagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan yoshlar va ularning ustozlarini ragʻbatlantirish tizimi joriy etildi.
2019-yil 9-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika taʼlimi va fanlarini yana-da rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2020-yil 7-mayda “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.