Bunday tadbir Oʻzbekiston parlamentarizmi tarixida ilk bor tashkil etildi.
Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek, dunyo parlamentlarining xalqaro nufuzli tashkiloti – Parlamentlararo ittifoq, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan oʻtkazildi.
Inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda Oʻzbekiston parlamenti rolini oshirish mavzusi muhokama qilingan mazkur muloqotga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Akmal Saidov moderatorlik qildi.
Xalqaro parlament forumida Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari vakili Janni Magazeni, Oʻzbekiston parlamenti palatalari rahbarlari, Islom hamkorlik tashkiloti, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar, deputatlar, Senat aʼzolari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, milliy parlamentlar xalqaro munosabatlar, farovonlikni taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish qonun ustuvorligini ham milliy, ham xalqaro darajada mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.
Parlament aʼzolari uchun amaliy muloqotning onlayn-maydoniga aylangan tadbirda Parlamentlararo ittifoq va BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi masʼul vakillari hamda Oʻzbekiston parlamenti palatalari rahbarlarining maʼruzalari tinglandi.
– Oʻzbekistonning BMT, Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotgani alohida eʼtiborga molik, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva. – Bugungi kunda mamlakatda sud hokimiyati, siyosiy partiyalar va parlamentning roli oʻzgarganini alohida qayd etish joiz. Oʻzbekiston parlamenti qonunchilik ishlari bilan bir qatorda, hayotiy muhim masalalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring funksiyalarini ham kuchaytirdi.
Qolaversa, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarining hisobotlari eshitilishi tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Binobarin, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili amalda namoyon boʻlishini taʼminlash eʼtiborimiz markazida. Shuning uchun ham xalq bilan muloqot oʻrnatish va jamoatchilik bilan aloqalarni yana-da mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Zotan, inson huquqlarini taʼminlash – bosh maqsadimizdir, deya qayd etdi Oliy Majlis Senati Raisi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov mamlakatda qonunchilik-huquqiy baza takomillashtirilayotgani, Oʻzbekistonda milliy parlament qadriyatlari vujudga kelgani, bu borada eng ilgʻor xalqaro tajribadan foydalanilayotganini taʼkidladi. Bu esa davlatning huquqiy poydevorini mustahkamlash, qonun ijodkorligi sifatini oshirish, parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolar hayotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi inson huquqlarini taʼminlash masalasini faol ilgari surmoqda. Bu faoliyat xalqaro majburiyatlarni bajarish va milliy qonunchilikka tatbiq etish, qabul qilingan qonunlar samaradorligini monitoring qilish, BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalari ijrosi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqish orqali olib borilyapti.
– Oʻzbekiston parlamenti xalqaro parlament jamoatchiligining teng huquqli aʼzosi sifatida Parlamentlararo ittifoq hamda boshqa xalqaro parlamentlar forumlarida faol ishtirok etyapti, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov. – Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoq va BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasining “Parlament va inson huquqlari prinsiplari”ni qabul qilish, BMTning 75 yilligi boʻyicha Deklaratsiyaga bugungi xalqaro munosabatlarda milliy parlamentlar va Parlamentlararo ittifoqning roli toʻgʻrisidagi qoidalarni kiritish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Videokonferensiyada shuningdek, Oʻzbekiston parlamentining inson huquqlarini taʼminlashdagi roli va mexanizmlari boʻyicha BMT Inson huquqlari kengashi tavsiyalarini bajarishga doir ishlar istiqboli xususida soʻz yuritildi.
Muloqot yakunida ishtirokchilar Parlament forumi parlament aʼzolarining amaliy muloqotini davom ettirish, inson huquqlari, barqaror taraqqiyot va hamkorlik yoʻnalishlaridagi parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishini eʼtirof etdi.
Forum 30-iyun – Xalqaro parlament kuniga bagʻishlandi.
Maʼlumot uchun: Jahon hamjamiyati tomonidan aynan 30-iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni etib belgilangani bejiz emas. Bundan 131-yil oldin, 1889-yili xuddi shu sanada Parijda dunyo davlatlari parlamentlarining asosiy xalqaro organi hisoblanuvchi Parlamentlararo ittifoqning ilk xalqaro konferensiyasi ochilgan.
Bugungi kunda Parlamentlararo ittifoqqa 179 mamlakat parlamentlari aʼzo. Bu mamlakatlarning har birida davlat hokimiyati vakillik organi faoliyat olib boradi. BMTga aʼzo 193 davlatdan 79 tasida ikki palatali, 114 tasida esa bir palatali parlament tizimi amal qilmoqda. Dunyo parlamentlarining jami 272 ta palatasi tarkibida qariyb 46 ming nafar parlament aʼzosi bor.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar eʼtirofi sifatida tarixda birinchi bor mamlakatimiz vakili 2020-2023-yillarda Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qoʻmitasi aʼzoligiga qabul qilindi. Yaʼni, 2020-yil boshida Parlamentlararo ittifoq boshqaruv organlarining yangi tarkibini shakllantirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, shuningdek, tuzilmaning moliya boʻyicha kichik qoʻmitasi aʼzosi etib tayinlandi.
Oʻzbekiston parlamenti vakili dunyo qonun chiqaruvchi organlarining bunday nufuzli forumi ishida qatnashishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni yana-da samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, xalqaro parlamentlararo hamkorlik kun tartibini shakllantirishda mamlakatimiz ishtirokini taʼminlash imkonini ham bermoqda.