Qoraqalpogʻistondagi eshonlar qalʼasiga eʼtibor kerak

XVIII asrda boshlarida Qoraqalpogʻiston hududida diniy qarashlar ancha kuchaygan va shu vaqtlarda koʻpgina madrasa, masjidlar, diniy taʼlimot beradigan kichik-kichik qalʼalar qurilgan. Shulardan biri muqaddas dargoh – Ishanqalʼa (Eshonqalʼa)dir.

Ishanqalʼa – hozirgi Xalqobod shahrining janubiy-sharqida bir kilometrdek masofada joylashgan. Xalqobod shahri azaldan qoraqalpoq xalqining iqtisodiy, geografik, tarixiy va madaniy turmushida muhim oʻringa ega hududlardan hisoblanadi. Xalqobod atamasini olgan aholi punkti XX asr boshida shakllangan, shahar nomini rasman 1986-yilda olgan. Lekin, Xalqobod shahrining oʻtmish tarixi XIX asrga mansub tarixiy esdalik Ishanqalʼa bilan chambarchas bogʻliqdir. Hozirgi vaqtda eski qalʼaning koʻpchilik boʻlimining devorlari qulagan, faqat ozgina devorlari saqlangan. Qalʼaning bir qism qabristonga aylangan.

photo_2020-06-09_21-25-00.jpg

Qoraqalpogʻistonlik tarixchi olim Yernazar Usenovning mazkur qalʼaga bagʻishlangan asaridagi maʼlumotlarga koʻra, Ishanqalʼa qoʻrgʻoni XIX asrning II yarmidan qurila boshlagan. U yerda madrasa, masjid, kutubxona, talabalar yotoqxonasi, karvonsaroylar solingan. Qalʼaga shu vaqtda savodli va diniy bilimlarga ega odamlar koʻp yigʻilgan. Madrasaga oʻqish uchun koʻplab bolalar, talabalar kelgan.
Ishanqalʼa yodgorligi XVIII asrning oʻrtalarida qurilgan boʻlishiga qaramasdan, hozirgi kunda yaxshi saqlanib qolinmagan. Qalʼaning yaxshi saqlanmaganligining koʻpgina sabablari bor.

photo_2020-06-09_21-25-03.jpg

Ishanqalʼaning oʻrnida oldin XVIII asrlarda kichkina qishloq boʻlgan, keyinchalik bu kishloq oʻrniga “Ishanqalʼa” qurilgan. Bu qalʼaning qurilish tarixi XVIII-XIX asrda yashagan Imom eshon (Imamaddin Kayipnazar biy oʻgʻli) ismi bilan bogʻliq. U kishi Ishanqalʼani kurdirgan Atagʻulla eshonning otasidir. Imam eshon oʻzi Xiva, Buxora madrasalarida oʻqigan. Juda kuchli diniy taʼlimga ega kishi boʻlgan.

Imam eshon Xiva xoni Muhammmed Rahimxon farmoni (buyrigʻi) bilan Xiva xonligida diniy ishlar boʻyicha maslahatchi lavozimiga qoʻyiladi. Keyinchalik Imom eshon oʻgʻillarini Xiva madrasalarida oʻqitadi, uylantiradi.

photo_2020-06-09_21-25-07.jpg

Imom eshonning katta oʻgʻli Atagʻulla Xivadagi Ichan va Dichan (ishki va tashqi degan maʼnoda) qalʼalarining dastlabki namunasi boʻyicha hozirgi joyida Ishanqalʼani qura boshladi. Bu qishloq yashab turgan joydan qalʼa qurish oson kechmadi, lekin, Atagʻulla eshonning maqsadi Xivadagi va Buxorodagi Mir-Arab madrasalari, Labihovuz singari nomini chiqarish edi. Qurilish boshlanib, Xivadan keltirilgan darvozalar, ustunlar Ishanqalʼaning masjidlariga, madrasalariga oʻrnatildi. Qalʼaning ustunlari uchun toshlar Qoratovdan keltirildi. Devorlarini qurish uchun qishloqdagi eng zabardast kuchli yigitlar saralab olindi va ular qalʼa devorlarini qalin qilib qura boshlashdi.

Qalʼa qishloq kuchi bilan qurilib tugatilgandan soʻng uning atrofidagi aholi qalʼaga qoʻshilib yashay boshlashdi. Aytishlaricha, kuz va qishda odamlar Ishanqalʼa yonida juda koʻpayib ketishar ekan. Ularning hammasi dehqonlar, baliqchilar, choʻponlar boʻlgan. Bir vaqtlari Ishanqalʼaga qishni oʻtkazish maqsadida kelgan oilalar soni 40 (qiriq) mingdan ortganligi aytiladi. Ishanqalʼadagi masjid-madrasa hozirda ham saqlanib qolgan, unda bir paytning oʻzida 50 ga yaqin talabalar taʼlim olgan.

photo_2020-06-09_21-25-17.jpg

Qalʼaning yonidan katta kanallar qazilgan, ularga suvlar boshqa yirik kanallardan kelib turgan. Qalʼaning turar uylari qurilgandan soʻng, uning asosiy devorlari qalʼani aylantirib qurilgan. Qalʼa asosan diniy taʼlim berish maqsadida qurilgan boʻlganligi uchun uning devorlari juda baland qilib qurilmagan. Yozma manbalarga qaraganda, tarixda qalʼaga 4 tomondan kirish eshigi va darvozasi boʻlgan. Qalʼaning ichidagi uylar bir qavatli va baʼzilari ikki qavatli qilib qurilgan, qalʼaning asosiy devorlari qurilgandan soʻng uning ichidagi odamlar sigʻmaganligi bois qalʼaning tashqarisiga ham uylar qurila boshlagan.
Qalʼa asta-sekin rivojlana boshlagan. Qalʼada har kuni saharda azon oʻqilgan. Maʼlumotlarga koʻra, qalʼa qurilmasidan oldin, qishloq nomi bir necha marta oʻzgarib turgan. Qalʼa qurilishi boshlangan vaqtda qishloq nomi “Kenjeli” boʻlgan. Keyinchalik bu yerda eshonlar yashaganligi bois qalʼa nomi “Ishanqalʼa” deb atala boshlagan.

photo_2020-06-09_21-25-21.jpg

Ishanqalʼaning hozirgi holati 30- 35 foizni tashkil qiladi, qalʼadan qolgan qoldiqlari hozirgi kungacha har xil maqsadlarda foydalanib kelingan. Ishanqalʼaning taʼmirlanishi turli sabablarga koʻra choʻzilib kelingan va keyinchalik qishloq aholisi tomonidan qalʼaning oʻpirilgan joylari taʼmirlangan, undan soʻng Ishan qalʼaning taʼmirlanishishiga eʼtibor boʻlmagan.
Berdaq milliy muzeyi direktori Sharigul Payzullayeva Ishanqalʼani restavratsiya qilib, sayyohlik maskaniga aylantirishni taklif qilib kelmoqda. Hozircha bu boʻyicha ijobiy ishlar kuzatilmayapti. Mahalliy aholi esa tarixiy qalʼa ichiga marhumlarning qabrlarini joylashtirishni davom ettirmoqda.

photo_2020-06-09_21-25-24.jpg

Bir vaqtlari maʼnaviyat markazi boʻlgan Ishanqalʼa hozirda xaroba holiga tushib qolgan. Qalʼa tashlab ketilgandan keyin uning atrofidagi koʻpgina qishloqlar ham boʻshab qolgan. H

udud atrofidagi koʻpgina qishloqlarning nomlari dehqonchilik va bogʻdorchilik bilan aloqadorligini bildiradi. Koʻpgina qishloqlarning tashlab ketilishiga nafaqat siyosiy balki suv oʻzanining oʻzgarishi ham sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

photo_2020-06-09_21-25-31.jpg

Ishanqalʼa bilan bogʻliq koʻplab rivoyatlar mavjud. Shulardan biri yaqin vaqtlargacha bu muqaddas dargohga yoʻlbarslarning ziyoratga kelib turishidir. Keksa yoshdagi kishilar yoʻlbarslar ulamolar yashagan boshqa joylarga ham ziyorat qilib turganligini taʼkidlashadi.
Shunday qilib, bundan atigi 150-yil avval goʻzal qiyofa kasb etgan qalʼa oʻrnida bugun faqat xarobani koʻrish mumkin. Qoraqalpogʻistonning muqaddas joylaridan biri boʻlgan qalʼani restavratsiya qilish esa vaqt talab qilmoqda.

photo_2020-06-09_21-25-35.jpg

 

E.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA