Orolboʻyi hududini koʻkalamzorlashtirish davom etmoqda

Germaniya xalqaro hamkorlik hamjamiyati (GIZ)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, siyosiy maslahatchisi Karolina Milov xonim boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan olib borilayotgan “Oroldagi bogʻim” loyihasini qoʻllab-quvvatlash va shu orqali Orolboʻyi aholisining turmush darajasini koʻtarishga koʻmaklashish maqsadida 30,4 million soʻm xayriya mablagʻlarini ajratdi.
– Ajratilgan mablagʻlar Orolboʻyi hududini koʻkalamzorlashtirish va ekologik holatini yaxshilashga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi, yaʼni ushbu moliyaviy manbalar hisobidan Orolboʻyi hududida 3000 tubdan ziyod choʻl oʻsimliklarining koʻchatlari ekiladi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov. – Biz GIZning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, xususan, Karolina Milov xonimga xayriya va loyihani amalga oshirishdagi yordami uchun chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. GIZning Oʻzbekistondagi vakolatxonasining ushbu xayriya tadbirida ishtiroki Orolboʻyi mintaqasi aholisi uchun gʻoyat muhim oʻrin kasb etadi.
Fursatdan foydalanib, barchani loyihada ishtirok etishga chorlab qolamiz. Agar yurtoshlarimiz ushbu tashabbusni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qiziqish bildirsa va ushbu xayriya ishlarga yangi sheriklarni jalb qilish uchun “Oroldagi bogʻim” loyihasi haqida maʼlumotlarni tarqatishga imkoniyat topsa, juda minnatdor boʻlar edik.
Har qanday xayriya yordami mintaqamizning ekologik holatini barqarorlashishiga, gullab-yashnashiga, shuningdek Orolboʻyi mintaqasida yashayotgan millionlab odamlarning sogʻligʻini yaxshilashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
“Oroldagi bogʻim” loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-fevraldagi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining moliyalashtiruvi bilan amalga oshirilib kelayotgan agro va ekoturizm loyihasidir. Loyihaning asosiy maqsadi Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish va sayyohlar sonini koʻpaytirishga qaratilgan.
Hozirgi paytda ushbu loyihani qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro va mahalliy sarmoyadorlar, shuningdek, hamkorlik qilish toʻgʻrisida memorandumlar imzolagan Markazning sheriklari jalb qilinmoqda. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda respublika aholisi ham ushbu loyihaga katta qiziqish bildirmoqda va Orolboʻyi hududini koʻkalamzorlashtirish uchun xayriya mablagʻlarini oʻtkazmoqda, buning natijasida 900 dan ziyod manzarali va mevali daraxt koʻchatlari Orol dengizi hududida joylashgan uchastkalarga ekildi.
Orol dengizi taqdiriga befarq boʻlmagan va loyihada ishtirok etishni istaganlar qoʻshimcha maʼlumotlarni www.aralforest.org veb-saytida olishlari mumkin.
GIZning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ), shuningdek, tashqi ishlar vazirligi va ichki ishlar vazirligi kabi boshqa federal agentliklar topshirigʻiga binoan loyihalarni amalga oshirmoqda.
GIZ ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Toshkentda 1992-yildan beri faoliyat yuritadi. Filiallari Andijon, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan boʻlib, oʻzlarining maqsadli loyihalarini amalga oshirmoqda.
Oʻzbekistondagi loyihalar va dasturlarni optimallashtirish maqsadida GIZ, boshqa nemis institutlari, shuningdek, ikki tomonlama va koʻp tomonlama tashkilotlardan tortib, xususiy sektorgacha boʻlgan vakolatxonalar bilan yaqin hamkorlik qiladi.
Kompaniya globallashgan dunyoda siyosiy, iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy rivojlanish uchun istiqbolli yechimlarni taklif etadi, shuningdek qiyin sharoitlardagi har tomonlama islohotlar va oʻzgarishlarni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Uning maqsadi – odamlarning yashash sharoitlarini barqarorlashtirishdan iboratdir.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA