Oʻz farzandini 3 xonali uyga almashtirmoqchi boʻldi

Joriy yilning 23-may kuni Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda Karmana tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 3 oylik bolasini 3 xonali uyga almashtirishga uringan “kakku” ona va “dallol” bobo qoʻlga olindi.

Maʼlum boʻlishicha, 1987-yil Navoiy viloyatida tugʻilgan, turmushga chiqmagan, hozirda Xatirchi tumani “Zarafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida roʻyxatda turib, Navoiy shahridagi “Islom Karimov” koʻchasida vaqtinchalik ijarada yashab kelayotgan fuqaro Z.Oʻ. 2020-yil tugʻilgan yoshiga yetmagan farzandi B.Oʻ.ni bozor narxida taxminiy bahosi 250 million soʻm boʻlgan 3 xonali uyga almashtirayotgan vaqtda qoʻlga olindi.

Turmushga chiqmay farzandli boʻlgan Z.Oʻ. ushbu jinoiy ishni 1951-yilda tugʻilgan otasi A.Oʻ. bilan sherikchilik asosida sodir etganligi aniqlandi va daliliy ashyolar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi. Mazkur holat yuzasidan Karmana tuman ichki ishlar boʻlimi huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Xalqimizda “Danagidan magʻzi shirin”, degan maqol bor. Mehribon bobo-buvilar tomonidan odatda suyukli nabiralar uchun qoʻllaniladigan bu maqolni isnodga qolib, buzib talqin qilgan bobo, magʻzini puch koʻrib, nabirasini arzimas pul evaziga baholab, insoniylik qiyofasini yoʻqotdi.

Bejizga onani “kakku”ga oʻxshatmadik. Tabiatda jonzotlar orasida uchraydigan bir holat bor: qushlar ichida faqat kakkugina oʻz poloponiga beeʼtibor va bemehrligi sabab, tuxumini boshqa qushlar inida qoldirib, ketaverar ekan. Shu bois xalqimiz orasida yetim-yesir bolalarga nisbatan “boʻzlab qolgan kakku bolasidek” iborasi qoʻllaniladi. Ming afsuski, ota-onasi hayot boʻlsada, oʻz jigargoʻshasini “tirik yetim” qiladiganlar ham bor oramizda.

Ona deb atalmish buyuk nomga erishib, farzandlar baxtu iqbolini koʻrib yashash – ilohiy moʻjiza va baxt aslida. Taassufki, jamiyatimizda ushbu ulugʻ nomga dogʻ tushirguvchi nomunosiblar ham uchrab turadi. Hoyu havas, mol-dunyo uchun oʻz dilbandini sotgan onaning vijdonsizligi kelajakda farzand nafrati va dogʻiga uchramaydimi?!

 

Nuriddin RAHIMOV, OʻzA