Hindiston, Pokiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va Oʻzbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari, shuningdek, SHHT Bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori SOVID-19 pandemiyasi sharoitidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Koronavirus oqibatlariga qarshi kurashish va kasallikning SHHT davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga taʼsirini yumshatish boʻyicha dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Epidemiyaga qarshi kurashish boʻyicha zarur choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Tashkilotga aʼzo davlatlar saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yana-da takomillashtirish va bu borada SHHTning amaldagi mexanizmlari ishini faollashtirish zarurligini qayd etdi.
Pandemiyadan keyin dunyo iqtisodiyotida kuzatiladigan jiddiy oʻzgarishlar nuqtayi nazaridan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Majlisda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish, iqtisodiyotni tiklash va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga koʻmaklashish masalalari koʻrib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini qutladi, jasur jangchilar, front orti mehnatkashlari dunyoni fashizmdan qutqarishga ulkan hissa qoʻshgani qayd etildi. A.Komilov ishtirokchilarga Oʻzbekistonda ushbu muhim sanani keng nishonlash boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqilgani va amalga oshirilayotgani toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Uchrashuv soʻngida SOVID-19 pandemiyasi tarqalishi munosabati bilan SHHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining bayonoti qabul qilindi.