Oʻzbekning boshiga ish tushsa, qirgʻiz kuzatuvchi boʻlib tura olmaydi

Oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik, ogʻa-inilik, yaxshi qoʻshnichilik bir necha yuz yillarga borib taqaladi.

“Sardoba” suv omborini qisman oʻpirilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinidan zarar koʻrgan fuqarolarga insonparvarlik yordami ortilgan poyezd Qirgʻiziston Respublikasidan Sirdaryo viloyatiga yetib keldi.

Kirgiz-13.jpg

Kirgiz-14.jpg

Ushbu saxovat koʻmagi Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi I.Junusov va Qirgʻiziston Favqulodda vaziyatlar boʻyicha vazirligining vakili kuzatuvi ostida olib kelindi. “Saxovat koʻmagi” keltirgan delegatsiya aʼzolarini Yangiyer shahrining “Yangi-Yangiyer” temiryoʻl stansiyasida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev boshchiligidagi masʼullar kutib oldi.
– Qirgʻiz bilan oʻzbek azal-azaldan birodar, ogʻa-ini boʻlib, doʻstona yaxshi qoʻshnichilik munosabatida boʻlib kelgan, – deydi Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi I.Junusov. – Oʻzbeklarning yaxshi maqoli bor: doʻstning kimligi boshingga ish tushganda bilinadi degan.

Kirgiz-15.jpg

Kirgiz-5.jpg

Oʻzbek qirgʻizning qon-qardoshi, doʻstlarimiz boshiga ish tushganda biz bir chekkada kuzatuvchi boʻlib oʻtirsak, doʻstning ishini qilmagan boʻlamiz. Sizlarning tashvishingiz – bizning ham tashvishimizdir.
Qardosh qirgʻiz xalqining ushbu insonparvarlik yordamida 1000 tonna sement, 100 tonna guruch va 10 tonna oʻsimlik yogʻi Yangiyer stansiyasiga tushirildi.

 

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA