Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, 2019-yilda tijorat banklari tomonidan xorijiy kredit liniyalari hisobidan 2,1 milliard AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratilgan.
Oʻtgan yil davomida tijorat banklarining iqtisodiyotga ajratilgan jami kredit qoʻyilmalari 1,6 baravarga koʻpayib, 2020-yil 1-yanvar holatiga 208,6 trillion soʻmni tashkil qilgan.
Xususan, 2019-yilda tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar 1,5 barobarga oshib, 58,4 trillion soʻmga yetgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldigʻi joriy yilning 1-yanvar holatiga 40 trillion soʻmni tashkil qilgan.
Shuningdek, aholining bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar doirasida jami 7,6 trillion soʻm, shu jumladan, bevosita jismoniy shaxslarga 4,9 trillion soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.
2020-yilda Markaziy bank tomonidan alohida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan qator vazifalar ham muhokama qilindi.
Xususan, 2020-yilning 1-yanvar holatiga mavjud 30 ta bankning 13 tasi kapitalida salmoqli davlat ulushi mavjudligi koʻrsatilib, banklar va biznes subyektlarining samarali hamkorligi uchun keng shart-sharoitlar yaratish va bank tizimida raqobat muhitini yaxshilash maqsadlarida banklarning iqtisodiyotdagi moliyaviy vositachilik rolini oshirish hamda bank tizimida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
OʻzA