Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida Xorazm viloyati va tumanlar hokimlari, mahalliy kengashlar deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar, ziyolilar ishtirokida yigʻilish oʻtkazmoqda.
– Xalqimiz hayotini yana-da yaxshilashga yoʻnaltirilgan islohotlarimizni odamlar bilan muloqot va maslahat asosida ishlab chiqyapmiz. Xorazmga ham joylarda aholini qanday muammolar tashvishga solayotgani haqida suhbatlashgani keldim. Shuning uchun menga koʻproq masala qoʻysalaringiz natija boʻladi. Biz yolgʻon, balandparvoz gapirib shu ahvolga keldik. Prezidentga yolgʻon gapirish – Vatanga xiyonat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Viloyatning rivojlanish darajasi orqada qolayotgani koʻrsatib oʻtildi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot respublika koʻrsatkichidan 1,5 barobar, sanoat mahsuloti va xizmat koʻrsatish hajmi boʻyicha esa 2 barobar past. Hududda 58 ming oila kambagʻallik boʻsagʻasida kun kechirmoqda. Shundan 856 tasi oʻta nochor ahvolda. Koʻplab odamlar ishlash uchun xorijga ketgan. Bularning barchasidan kelib chiqib, Xorazmda 200 ming ish oʻrni yaratish zarur.
Davlatimiz rahbari aholini tadbirkorlikka jalb etgan holda, yangi korxonalar va ish oʻrinlari yaratish, shu orqali kambagʻallikni keskin qisqartirish asosiy maqsad ekanini taʼkidladi.
Tuman va shaharlarda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, banklarni “loyihalar fabrikasi”ga aylantirish zarurligi qayd etildi. 2,5 mingta boʻsh turgan binolar negizida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish, “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasini yangi loyihalar bilan toʻldirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Qishloq tumanlarda pullik xizmat koʻrsatish Urganch shahriga nisbatan 10-15 barobar pastligi taʼkidlanib, bunday obyektlarni keskin koʻpaytirish kerakligi belgilandi.