Rog‘un GESining ikkinchi agregati ishga tushirildi

Rog‘un shahri, 9 sentabr. O‘zA maxsus muxbiri Nurillo Nasriev xabar qiladi. 
Tojikiston Respublikasi Rog‘un GESining ikkinchi agregatini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Tojikiston hukumati a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ekspertlar, mutaxassislar, xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon nutq so‘zladi. Rog‘un GESi Tojikiston davlati va xalqi kelajagi uchun, mamlakatda energetika sohasini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mazkur gidroelektrostansiya mamlakat obodligi va farovonligi uchun zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rog‘un Vaxsh daryosidagi eng katta gidroelektrostansiya hisoblanadi. Mazkur inshootning qurilishi 1976 yilda boshlangan. Uning quvvati 3 ming 600 MVtni tashkil qiladi va olti agregatdan iborat bo‘ladi. Har bir agregat 600 MVt quvvatga ega bo‘ladi. Mazkur olti agregat to‘la ishga tushirilgandan so‘ng yiliga 17 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
photo5453972918590614599.jpg
2018 yil 16 noyabr kuni GESning birinchi agregati ishga tushirilgan edi. Agregat ish boshlagach, Tojikistonning barcha hududi elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonning ayrim hududlariga ham elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
Rog‘un GESi to‘g‘onining balandligi 335 metr, hajmi 73,6 million metr kub. Gidroelektrostansiya “Poyry Switzerland LTD” hamda Rossiyaning “Gidroproekt” instituti tomonidan loyihalashtirilgan. Qurilish ishlari “Tunnel Saddi Oriyona” pudrat tashkiloti tomonidan olib borilmoqda. Unda mahalliy ishchilar bilan birga Italiya, Eron hamda O‘zbekiston mutaxassislari ishlamoqda.
Xorijiy va mahalliy jurnalistlar birinchi va ikkinchi agregatning ishlash tizimi bilan tanishdi. Bu yerdagi generatorlar Ukrainada ishlab chiqarilgan. Diametri 10-15 metr bo‘lgan 7 ta tunnel qurilgan. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, gidroelektrostansiya xavfsiz, xalqaro standartlarga javob beradi.
Ayni paytgacha Rog‘unda taxminan 200 million metr kub suv yig‘ilgan. Prezident Emomali Rahmon agregatning ish jarayoni bilan tanishdi. Gidroelektrostansiya platinasini borib ko‘rdi. Platina to‘g‘on dengiz sathidan 1 ming 190 metr balandlikda joylashgan.
Rog‘un GESi ikkinchi agregatini ishga tushirish marosimida musiqiy dastur namoyish etildi.

 

O‘zA