Info-tur ishtirokchilari qoraqalpoq xalqi udumlari bilan yaqindan tanishmoqda.
Qoraqalpoq xalqida ajoyib udum bor. Yosh oilalar uchun olti qanotli qora uy tiklanadi. “O‘zi alohida o‘tov tikladi” degani “oilali bo‘ldi” degan ma’noni anglatadi.
Bunda o‘ziga xos jihat shuki, uylanayotgan yigitning otasi qora uyga buyurtma bersa, uni bezatish turmushga chiqayotgan qizning, ya’ni kelin tomonning zimmasida bo‘ladi.
Odatda sakkiz qanotli qora uyda bola-chaqali, o‘rtacha oila, o‘n ikki qanotlisida esa nevara-chevarali, piru-badavlat oila istiqomat qiladi.
El og‘alari, biylar, katxudolar xalq taqdiriga aloqador muhim masalalarni muhokama qilish maqsadida har bir qishloqning eng baland joyiga o‘n ikki qanotli o‘tovlar o‘rnatilib, “maslahat tepa” tiklangan. Xalq og‘zaki ijodida uchraydigan “oq o‘tov”, “bo‘z o‘rda” atamalari xuddi shunday uylarni bildiradi.
O‘tovning ichki bezash ishlarini asosan kelin tomon – xotin-qizlar amalga oshiradi.
“Oq basqur”, “qizil basqur”, “belbog‘”, “eshikqosh”, “shangaraq bog‘ich” va “tizma” kabilar uyni bezashda zarur bo‘ladigan jihoz sanaladi.
Ularda qoraqalpoq qiz-juvonlarining betakror hunari-to‘qimachilik namunalari, milliy naqshlar o‘z aksini topadi.
O‘tovda eshikni ochib, uyning orqa tarafidagi chiy ko‘tarib qo‘yilsa, ichkariga salqin shabada kiradi.
Info-tur tadbirlari davom etmoqda.
Muhayyo Toshqoraeva, O‘zA