Moskvada Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirildi

Mustaqil Oʻzbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, oʻzbek xalqining ardoqli farzandi Islom Karimov nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahonda katta obroʻ-eʼtibor qozongan edi.

30 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi vakillari va oʻzbekistonlik talabalar Birinchi Prezidentimizning Moskva shahridagi yodgorligini ziyorat qildi.
Bu haqda OʻzAga Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, xotirlash marosimida Islom Karimov uzoq yillik siyosiy faoliyati davomida ezgu insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgani alohida taʼkidlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasi abadiylashtirilmoqda. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tashkil etildi, Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka avtomobil zavodi, Fargʻona shahridagi Sanʼat saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qaroqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi koʻchalar buyuk siyosatchi sharafiga nomlangan. Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Birinchi Prezidentimizga haykallar oʻrnatilgan.

Xususan, Moskva shahri markazidagi xiyobonda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov yodgorligi ochilgan.

DSCN9731.JPG

 

Malohat Husanova, OʻzA