Oʻzbekistonda davlat xizmatlari tizimini tashkil etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish tajribasini oʻrganish maqsadida tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi delegatsiyasi tashrifi yakunlandi.
Davlat xizmatlari agentligi xodimlari bilan uchrashuv va qizgʻin suhbat – ish safari dasturida belgilangan soʻnggi tadbir boʻldi.
Uchrashuvda delegatsiya boshligʻi Azad Jafarli Davlat xizmatlari agentligi xodimlarini “ʼASAN“ markazlarining ishlash tamoyillari, Ozarbayjonda zamonaviy davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini shakllantirish tajribasi, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat koʻrsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi “Asan xidmet“ bilan batafsil tanishtirib oʻtdi.
Aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi maxsus texnika, tibbiy markaz bilan jihozlangan hamda xodimlar uchun dam olish joylari kabi qulay sharoitlarga ega maxsus poyezd xodimlarning eʼtiborini torti. Davlat xizmatlari poyezdi yordamida 65 mingdan ortiq murojaat koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, “ASAN“ global loyihasi “AsanFM“ radiosi, “ASAN Kommunal“, “ASAN PAY“ toʻlov tizimi kabi loyihalarni oʻz ichiga qamrab olganligini taʼkidlash oʻrinli.
Tadbir yakunida delegatsiya aʼzolari Davlat xizmatlari agentligi tomonidan sohani takomillashtirish uchun Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholab, uzoq muddatli va samarali hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.