Shifokorlarni ish beruvchilar oq xalat va boshqa bir martalik gigiyena vositalari bilan taʼminlashi kerak. Aslida shundaymi?
Shifokorlarning har 6 oydagi tibbiy koʻrigi xarajati ham ish beruvchi tomonidan qoplanishi kerak. Buni shifokorlarimiz biladimi?
Kechasi bilan isitmalab, ertalabdan mahallamiz poliklinikasiga chiqishga majbur boʻldim. Poliklinika eshigi yonida Bosh hamshiraning yangi kelgan xodimni siltab urishayotgani ustidan chiqdim. “Oq xalat tagida toʻq koʻk emas, qora klassik shim boʻlishi shart. Ertaga shiming rangi qora boʻlmasa, ishdan haydayman”, deydi hamshira yosh shifokor yigitga oʻdagʻaylab. Shu tobda ular oʻrtasiga tushmasam boʻlmasdi, kasbiy kasallik-da, toʻgʻri tushuning.
— Opa, poliklinika xodimlariga faqat shunaqa shart qoʻyadimi yoki ularni talab qilinayotgan maxsus forma bilan ham taʼminlaydimi?
Savolimdan ajablangan hamshira shunday javob qildi:
— Esingiz bormi? Nega biz berar ekanmiz. Xalatni hamma oʻzi sotib oladi. Men ham oʻzim olganman. Kim aytdi sizga davlat xalat bilan taʼminlaydi deb?
Suhbatimizga poliklinikaga koʻrikka chiqqan pensioner ayol ham qoʻshildi.
— Oq xalat sifatlisi 50-150 ming soʻm atrofida, oq shippak yana 50 ming soʻm, tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yana shuncha (100 ming atrofida) pul, yoʻl kira, tushlik – bu hali maosh olmagan hamshira farzandimning ishga borish uchun sarflashi kerak boʻlgan xarajatlari. Ilk maoshi 590 ming soʻm atrofida emish. Soliq olib tashlansa, qoʻliga 490 ming atrofida tegar.
Bir qarashda arzimagan xarajatlar. Lekin shunday boʻlsa-da “Shifokorlarni maxsus kiyim bilan taʼminlash kimning boʻynida? Hamma oʻzi sotib olishga majburmi?” yana oʻsha kasbiy kasallik tufayli ushbu savollarga javob olishga qiziqdim.
Arzimagan oq xalat. Shifokor bir yilda 1 yoki 2 ta xalat sotib olar. Umumiy hisobda maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 500 mingga yaqin shifokorlar boʻlsa, shuncha oq xalat uchun agar byudjet pul ajratayotgan boʻlsa, bu pullarning qanchasi shifokorlarga xalat “kiydiryapti”..?
Qonunchilikka koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 217-moddasida xodimlar “Maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul taʼminlanadilar. Bunday ishlarning roʻyxati, beriladigan narsalarning normalari, taʼminot tartibi va shartlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida, agar ular tuzilmagan boʻlsa — ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi”, deyilgan. Yaʼni shifokorlar oq xalat, shippak, niqob va boshqa gigiyena vositalari bilan taʼminlanishlari kerak. Demak, poliklinikaga qon topshirishga chiqqaningizda, gigiyena uchun qoʻlqop koʻtarib chiqishingiz, aslida shart emas.
Tibbiy koʻrikdan oʻtish shartlari ham qonunchilikda ochiq koʻrsatilgan. Ayni shu mehnat kodeksining 214-moddasida Ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chogʻida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilishi shartligi koʻrsatilgan. Shuningdek, “Tibbiy koʻriklardan oʻtilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor boʻlmaydilar”, deb belgilangan.
Bu qonunchilikdagi meʼyorlar, ammo amalda qanday? Qaysi tibbiy muassasa shifokorni oq xalat bilan taʼminlab har 6 oyda tibbiy koʻrikdan oʻtishini bepul tashkillashtirib bermoqda?
Toshkentning aksariyat kasalxonalari shifokorlarini surishtirib bilishimizcha ular oq xalatni oʻz hisoblariga sotib oladilar. Bir necha kasalxona va poliklinikalarni surishtiruvida “Xalatni hamma oʻzi sotib oladi”, kabi javoblarni oldik.
Shifoxonalar smetalariga umuman oq xalatni kiritishmaydi. Demakki, smetaga kiritilmasa, pul ham ajratilmaydi. Tumandagi tegishli idoralardan amallab olgan maʼlumotlarimizga koʻra, umuman oq xalat uchun pul ajratilmaydi. Hatto hisobxonadagi ayollar shifokorlarning qonunan bunga haqlari bor ekanligidan ham bexabar. Maʼlum boʻlishicha hamshiralar oʻzlari shifoxonada ishlab turib, nima uchun yana har 6 oyda yangilanuvchi tibbiy koʻriklarini pullik topshirishlariga norozilik bildirganlar. Ammo shunga qaramasdan muassasalar koʻrikni tekinga tashkillashtirishni oʻz boʻyniga olmagan. Tegishli idoralarga kirib, oq xalat haqida savol berarkanmiz, bizga xuddi oydan tushgan odamlardek qaratilgan nigohlarga duch kelaverdik. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida keltirilgan 217-, 214-moddalarni “boʻlmagan gap”ga chiqaraverishdi.
Tibbiyot muassasasi oq xalatlarni talab qilishdan avval, sogʻliqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlari borligini ham unutmasliklari kerak. Zero, hamshira oyligi 590 ming soʻmdan boshlanadi, sanitarka maoshini-ku yozmay qoʻya qolaylik. Kecha oʻqishni bitirib kelgan kategoriyasiz shifokorning maoshi oʻrtacha 873 ming soʻm (soliqlar bilan hisoblanganda). Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009 yil 25 avgustda 1998-con bilan roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining (Mehnat vazirligi) 2009 yil 10 avgustdagi 49-B-sonli buyrugʻiga Ilovasida maxsus kiyimlarni tibbiy muassasaning qoʻlga kiritish huquqlari ham koʻrsatilgan.
Davlat tibbiyot muassasasining tegishli xodimi smetasiga xodimlarning maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan taʼminlashni ham kiritib, tegishli idoradan talab qilishga haqli ekan. Kasalxona yuqoridagi idoralardan xalat uchun pul yoki xalat undira olmaganini pesh qilishga haqli emas. Chunki, davlat shifoxonasi oʻz xodimini oq xalat bilan taʼminlamasa, mehnat kodeksini buzgan hisoblanadi. Buning uchun uni sudga berish mumkin.
Arzimagan oq xalat, bir poliklinika va kasalxona miqyosida olsak necha ming kishi… Respublika miqyosida-chi? Albatta, biz butun Respublika kasalxona va poliklinikalarida surishtiruv olib bormadik. Lekin, savolga tutganlarimiz Toshkentning aksariyat kasalxona va poliklinikalarida savolimizga ajablangan holda “Esingiz bormi? Xalatni hamma oʻzi sotib oladi”, degan javoblarni oldik. Qonunchilikda koʻzda tutilgan oddiy huquqni talab qilsangiz-u, sizga “Esingiz bormi?”, deb javob qaytarishsa, kulgili emasmi?
Shifokorni oddiygina oq xalat bilan ham taʼminlay olmasdan yana ularni poraxoʻrlikda ayblash, xorijga ish qidirib ketganlarini ortga qaytarishga urinishlarimiz mantiqsiz emasmi? Siz nima deysiz aziz oʻquvchi…
Anora Sodiqova, OʻzA