Hadis ilmi maktabi: buyuk allomalarimiz anʼanalarini tiklashdagi yangi odim

Turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda yurtimizdan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarimizning maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ulardagi ezgu gʻoya va taʼlimotlarni xalqimizga yetkazish va shu asosda yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash muhim vazifalardan hisoblanadi.
Prezidentimiz 2017 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida dolzarb mintaqaviy va global muammolar yechimi yuzasidan fikrlar bildirar ekan, jumladan, butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish, uni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan tenglashtirmaslik zarurligi, Markaziy Osiyoning islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshgan koʻplab yorqin namoyandalari, jumladan Imom Buxoriy boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida tarbiyalash, yoshlarni zoʻravonlik gʻoyasi “virusi”dan himoya qilishni eng muhim vazifalar sifatida taʼkidlagan edi.
Yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham ulkan islohotlar, xususan, muqaddas islom dinini oʻrganish, ajdodlar merosini qayta tiklash va ularni kelajak avlodlarga asl holicha yetkazish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbuslari bilan buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash maqsadida yurtimizda diniy taʼlim tizimini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Hibbon, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Barokotiy, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy va Abd ibn Humayd Keshiylar tomonidan hadis maktablariga asos solingan boʻlib, ushbu ilmu maʼrifat va ziyo maskanlari hadis ilmi rivoji hamda dunyo ilm-fan taraqqiyotida oʻchmas iz qoldirgan.
“Hadis ilmining sultoni” nomini olgan buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning “Al-jomeʼ as-sahih” kitobi musulmon dunyosida Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba boʻlib, islom dini eʼtiqodiga koʻra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulugʻi hisoblanadi.
Buyuk allomalarimiz asos solgan hadis ilmi anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Hadis ilmi maktabi tashkil etildi.
Yangi tashkil etilgan Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin:
– islom dinining asl mohiyatini, ilmiy-maʼnaviy asoslarini, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini oʻrganish, ijtimoiy, axloqiy masalalar hamda yoshlar tarbiyasiga doir manbalarni keng yoritish va targʻib qilish orqali “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori asosida faoliyat olib borish;
– hadis ilmi asoslarini chuqur egallagan, unga oid tadqiqotlar bilan yaqindan tanishgan va sohadagi zamonaviy muammolarni hal qila oladigan, shuningdek, bu borada ilmiy izlanishlar olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash;
– Qurʼoni karim va hadislarning asl mohiyati, hadis maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy va yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa muhaddis allomalar merosini har tomonlama oʻrganish va ular asosida ilmiy-tadqiqot va tarjima ishlarini olib borish;
Bu ilm dargohining oʻziga xos jihati shuki, unda “Sihohi sitta” yaʼni butun dunyo olimlari tomonidan “Olti ishonchli toʻplam” deb eʼtirof etilgan hadis kitoblari toʻliq oʻqitiladi.
Hadis ilmi maktabida Qurʼon karim, fiqh, aqoid, tafsir, islom tarixi, arab tili va boshqa fanlar boʻyicha chuqur bilimlar berilishi bilan bir qatorda, hadis va unga oid ilmlar oʻrgatiladi.
Jumladan, “Hadis”, “Mustalahul hadis” (Hadis istilohlari), “Hadis va sharh, “Ahkomul-hadis” (Hukm olinadigan hadislar sharhi), “Jarh va taʼdil” (Roviylarni holatlari toʻgʻrisidagi fan), “Taxrij va dirosatul asonid” (Hadis isnodlarini chiqarish va oʻrganish), “Ilalul hadis” (Hadis illatlari va uni zaif qiluvchi sabablar) kabi mutaxassislik fanlari oʻqitiladi.
Albatta mutaxassislik fanlari qadimgi Samarqand, Buxoro diniy taʼlim tizimi anʼanalariga muvofiq tarzda, yurtimizda ming yillar davomida oʻqitilib kelingan moʻtabar darslik va oʻquv kitoblari asosida oʻrgatiladi.
Shuningdek, Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari respublikadagi diniy taʼlim muassasalarida hadis va unga oid fanlardan dars berish imkoniyatiga ega boʻladi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy taʼlim muassasasi hisoblangan Hadis ilmi maktabi istiqbolda musulmon mamlakatlaridagi Hadis maktablari bilan raqobatlasha oladigan taʼlim maskaniga aylanishiga, qadimdan hadis ilmi hamda muhaddislar markazi boʻlib kelgan Movarounnahrning avvalgi shon-shuhratini qayta tiklashi va rivojlantirishiga umid qilamiz.
Uygʻun Gʻafurov,
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti rektori

 

OʻzA