Italiya taomlari Oʻzbekistonda

Toshkent shahrida “Turizm oʻquv konsalting markazi” va Italiyaning “GalileoFerraris” instituti hamkorligida “Italiya turizmining haftaligi” boshlandi. Unda turizm va mehmonxona xoʻjaligi kasb-hunar kollejlari, mehmonxona, restoran va turistik korxonalarning 70 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.
Loyihani Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekistonning Kazertedagi (Italiya) Faxriy elchisi Vittorio Jorji qoʻllab- quvvatlamoqda.
Tashkilotchilarning fikriga koʻra, Oʻzbekistonda xalqaro tajribani targʻib qilish xizmatlarning sifatini oshirishga va turizm tarmogʻining malaka nuqtai nazaridan oʻsishiga xizmat qiladi. Bunday tadbirlarni anʼanaviy oʻtkazilishi esa sayyohlik sohasining dolzarb muammolarini muhokama qilish va kadrlar tayyorlash masalalarini yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Haftalik doirasida italiyalik ekspertlar – yurtimizdagi mehmonxona, restoran va turistik korxonalar xodimlari, restoran oshpazlari, barmenlar, somelyelarning kasbiy mahoratlari oshirishda hissa qoʻshadi. Master-klasslar: turizm va mehmondoʻstlik, oshpazlik sanʼati (Italiya oshxonasining shox taomlari) va “somelye” sanʼati yoʻnalishlarida olib boriladi.
Italiya turizm industriyasining yetakchi ekspertlarining fikrlari va mahorat darslari haqida yoritib boramiz. Bizni kuzating.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA