BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahid boshchiligidagi delegatsiya 2-12-oktabr kunlari tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda din va e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatimizning bu boradagi ijobiy tajribasi bilan tanishadi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqadi.
Ta’kidlash joizki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK) maxsus ma’ruzachilari inson huquqlari masalalari yuzasidan axborot va maslahat berish vakolatiga ega mustaqil ekspertlardir. Maxsus ma’ruzachilar tizimi BMT faoliyatida markaziy o‘rin tutadi hamda barcha fuqarolik, madaniy, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy huquqlarni qamrab oladi. Bu vazifalar BMT IHKning tegishli rezolutsiyalarida belgilab qo‘yilgan.
Maxsus ma’ruzachilar, mustaqil ekspertlar va ishchi guruhlar a’zolari BMT IHK tomonidan tayinlanadi. Ular o‘z zimmasiga xolisona, vijdonan va adolatli ish yuritish orqali mustaqillik, samaradorlik, asoslilik va yaxlitlikni ta’minlash majburiyatini oladilar. Maxsus ma’ruzachilarning mustaqil maqomga ega ekani ularning o‘z vazifalarini xolis bajarishida muhim ahamiyatga ega.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ko‘magida maxsus ma’ruzachilar huquqlar buzilgani yoki boshqa suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilgani ehtimol qilinayotgan holatlarga e’tibor qaratish maqsadida davlatlar yoki boshqa shaxslarga xabar berish orqali inson huquqlari buzilishining alohida holatlariga yoki yanada keng doiradagi va tarkibiy tusdagi muammolarga nisbatan chora ko‘radi, inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi, axborot-ma’rifiy faoliyatda ishtirok etadi, jamoatchilikning xabardorligini oshiradi va texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatlar beradi.
Maxsus ma’ruzachilar har yili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga, alohida hollarda esa, BMT Bosh Assambleyasiga hisobot beradi.
A.Shahidning O‘zbekistonga tashrifi uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ilk tashrifidir.
Tashrif davomida davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xususan, delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Konstitutsiyaviy va Oliy sud, Bosh prokuratura, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Musulmonlar idorasida uchrashuvlar o‘tkazadi.
Tashrif dasturida, shuningdek, milliy madaniy markazlar va diniy konfessiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari vakillari bilan uchrashuvlar ko‘zda tutilgan. Xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda Toshkent islom universiteti talabalari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazish rejalashtirilgan.