O‘zbekiston Prezidenti Moskva va Butun Rus Patriarxini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-sentabr kuni Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirillni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni qutlar ekan, Rus pravoslav cherkovi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va do‘stona aloqalarni mustahkamlashda muhim voqea ekanini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi oliy va yuqori darajadagi faol muloqot barcha yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikka jadal sur’at bag‘ishlagani, ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani alohida ta’kidlandi.

Patriarx Kirillning tashrifi mamlakatlarimizda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishiga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 konfessiya vakillari bir oiladek ahil-inoq yashamoqda. Ularning o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Mamlakatimizda 138 milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda, Toshkentda Do‘stlik uyi va bog‘i barpo etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilgan.

Yoshlar o‘rtasida diniy ta’lim va ma’rifat ishlariga alohida ahamiyat berilmoqda. Toshkent islom universiteti va instituti, 9 madrasa, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda. Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berish maqsadida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolutsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surgani qayd etildi.

Uchrashuvda ekstremizm, terrorizm va radikalizm kabi global xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida konfessiyalararo muloqotni yanada mustahkamlash, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodga ta’lim va ma’naviy-ahloqiy tarbiya berish masalalari muhokama qilindi.

Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill millatlararo tinchlik-totuvlik, turli din vakillari o‘rtasida do‘stlik va mehr-oqibatni mustahkamlash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat hamda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berdi.

O‘zbekistonda Rus pravoslav cherkovi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘mak, xristian diniga e’tiqod qiluvchilarning to‘laqonli ma’naviy hayoti yo‘lida yaratilgan sharoitlardan g‘oyat xursand bo‘lganini ta’kidladi.

Patriarx Kirill Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda O‘zbekistonga tashrif tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Rus pravoslav cherkovi O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarini mustahkamlashda bundan buyon ham faol ishtirok etish, ma’naviy qadriyatlarimizni boyitish, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga ko‘maklashishga tayyor ekani qayd etildi.

 

Temur Qurbonboyev (surat), O‘zA