ONLAYN: Senatning oʻn oltinchi yalpi majlisi oldidan qoʻmita majlislari boʻlib oʻtmoqda

2018 yil 27-28 sentyabr kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtadi.
Bugun yalpi majlis oldidan qoʻmita majlislari boʻlib oʻtmoqda. Dastlabki yigʻilish Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasida tashkil etildi. Unda “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining Aksiyadorlik tijorat “Xalq banki”da ijro etilishini oʻrganish natijalari koʻrib chiqilmoqda.
Tadbirda senatorlar, bank-moliya sohasi mutaxassislari, vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etayotir.
Maʼlumki,“Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, 2005 yilning 1 yanvaridan mamlakatimizda jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti tizimi joriy etilgan. Hukumatning 2018 yil 26 martdagi qaroriga asosan 2018 yil 1 aprelidan eʼtiboran barcha fuqarolarni pensiya taʼminoti tizimida hisobga olish ishlari faqat Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirib kelinmoqda. Tatbiq etilgan yangiliklar tufayli jarayon ishtirokchilarining ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qoʻyildi.
Pensiya taʼminoti tizimidagi shaxsiy maʼlumotlar “Xalq banki”da alohida tashkil etilgan yagona maʼlumotlar elektron bazasi va arxivlarida xavfsizlik choralari koʻrilgan holda saqlanadi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 31 maydagi qarori koʻra, hisobvaraqlar tartib raqami Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan fuqaroning identifikatsiya raqami asosida berib kelinmoqda.
2018 yil 1 iyul holatiga “Xalq banki” filiallarida pensiya taʼminoti tizimi ishtirokchilari soni 11,3 millionga yetib, ulardagi mablagʻlar miqdori 2,9 trillion soʻmdan oshgan.
Tizim joriy etilganidan boshlab bu borada qanday yutuqlarga erishildi va qanday kamchiliklarga yoʻl qoʻyildi?
Saytimizni kuzatib borsangiz bu haqda aniq va toʻliq maʼlumotlarga ega boʻlasiz.

 

N.Abduraimova, OʻzA