“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan joriy yilning 29-sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi yonidagi maydonda gala konsert tashkil etiladi. Uning oʻziga xosligi, xonandalar faqat jonli ijroda qoʻshiq aytishidir.
Bundan bir necha yil muqaddam yurtimizda jonli ijro targʻiboti, bu yoʻnalishni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga oid “Mardu maydon“ festivali muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi.
Loyiha sanʼatkorlar, ayniqsa, yosh xonandalarni koʻproq izlanishga, musiqiy texnika, hojatbaror kompyuterning “moʻʼjizakor“ imkoniyatlari emas, balki oʻz kuchi va salohiyati, isteʼdodi, ovoz imkoniyatlariga tayanishga chorlashi bilan ahamiyatli boʻlgandi.
“Oʻzbekkonsert“ davlat muassasasi xabariga koʻra, endilikda jonli ijroda sanʼatsevar oʻzbek xalqiga oʻz qoʻshiqlarini taqdim etishni istagan xonandalar bu konsert dasturida ishtirok etishi mumkin.
Bugungacha konsert dasturida 10 nafar estrada xonandasi ishtirok etish istagini bildirgan.