Joriy yilning 27-sentyabr – 2-oktyabr kunlari Tatariston Respublikasida Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi maʼlumotiga koʻra, Tataristonning Musa Jalil nomidagi opera va balet teatrida Oʻzbekiston delegatsiyasining 35 nafardan ziyod madaniyat va sanʼat vakillari tomonidan katta konsert namoyish etiladi.

Madaniyat kunlari doirasida badiiy va foto koʻrgazma ham tashkil etiladi. Unda yurtimiz musavvirlari, fotorassomlarining Oʻzbekistondagi taraqqiyot odimlari, betakror anʼana va qadriyatlarimiz, goʻzal tabiat manzaralari aks etgan ijodiy ishlari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.

Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasida bir qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

N.Usmonova, OʻzA