Toshkentda 20-sentyabr kuni “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur yirik xalqaro konferensiya nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki xalqaro hamjamiyatda ham katta qiziqish uygʻotdi. Unda ishtirok etish uchun mamlakatimizga Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajar, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Vensay Jang, BMTning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Xon Chju Xam, MDHga aʼzo mamlakatlar Temir yoʻl transporti kengashi raisi – “Rossiya temir yoʻllari” OAJ bosh direktori Oleg Belozyorov, MDH Hukumatlararo yoʻlsozlar kengashi raisi Jamshidbek Kalilov, Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi raisi Radu Dinesku, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi bosh direktori Rafael Shvarsman, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi jami 37 davlatdan 300 nafar ishtirokchi, 25 xalqaro tashkilot, moliya institutlari va yetakchi transport kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro konferensiya ishtirokchilariga qutlovini Bosh vazir Abdulla Aripov oʻqib eshittirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatda transport infratuzilmasi va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish, yangi avtomobil va temir yoʻllar, aviaqatnovlarni ochish orqali barcha transport turlarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Oʻzbekiston mintaqa mamlakatlarining transport-tranzit salohiyatini birlashtirish orqali Markaziy Osiyoning geostrategik ahamiyatini oshirish siyosatini yuritib kelmoqda.
“Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusida oʻtayotgan xalqaro konferensiya Markaziy Osiyoda mavjud transport yoʻlaklarini takomillashtirish va yangilarini shakllantirish masalalarini muhokama qilish, umumiy yondashuv va yakdil qarashlarni ishlab chiqish, istiqboldagi rejalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ushbu konferensiya oʻta dolzarb masalalarga qaratilgani va oʻz vaqtida tashkil qilingani bilan muhim ahamiyatga ega, – dedi Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajar. – Oʻzbekiston mintaqani oʻzaro savdo jihatdan bogʻlab turadigan geostrategik hududda joylashgan. Dengiz yoʻllariga chiqish imkoniyatlari cheklangan Markaziy Osiyo davlatlari rivojida transport tizimi muhim ahamiyatga ega. ITB ushbu hududda logistika, yoʻl infratuzilmasini xalqaro standartlarga mos ravishda taraqqiy ettirish, havo va temir yoʻllar tizimini modernizatsiyalash, koʻrsatiladigan xizmatlar turini oshirish boʻyicha tajriba almashuvini tashkil qilishda faol ishtirok etib kelmoqda. Mintaqa davlatlari tranzit boʻyicha tariflarning yuqoriligi, dengiz yoʻllariga chiqishni qiyinlashtiradigan toʻsiqlar mavjudligi kabi muammolarga duch kelmoqda. Buni hal etish uchun tranzit yoʻlaklari tizimlarining transmilliy boshqaruvini joriy qilish zarur. Shu maʼnoda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari transport-tranzit salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan ishlanmalarini, iqtisodiy yoʻlaklar boʻyicha istiqbolli yechimlarini toʻliq qoʻllab- quvvatlaymiz.
Oʻtgan davr mobaynida Markaziy Osiyo va unga qoʻshni mamlakatlarning jahon bozorlariga chiqish va yuk tashuvlarini amalga oshirishga qaratilgan qator loyihalar hayotga joriy qilindi.
Mazkur konferensiya ham ana shunday intilishlar sirasidan.
Ushbu nufuzli anjumanning mamlakatimizda oʻtkazilayotgani bejiz emas. Buyuk ipak yoʻlining markazida joylashgan bu diyordan yirik xalqaro bozorlarni oʻzaro birlashtiruvchi eng qisqa yoʻnalishlar oʻtgan. Shu tariqa rivoj topgan savdo aloqalari turli millatlar, dinlar va madaniyatlar oʻrtasidagi muloqot uchun qulay sharoit yaratgan. Bunday hamkorlik aloqalari uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi ushbu konferensiyada yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. Butun dunyodan kelgan siyosatchilar, nufuzli ekspertlar xalqlar oʻrtasidagi uygʻun taraqqiyotni taʼminlaydigan transport yoʻlaklarini shakllantirish yoʻlida birlashdi.
Xalqaro konferensiya ishi shoʻʼba majlislarida davom ettirildi. Ularda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigida bildirilgan fikrlar va olgʻa surilgan tashabbuslar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining avtomobil, temir yoʻl va havo transporti tizimlarida axborot texnologiyalari, raqamli marketing xizmatlarini joriy etish bilan bogʻliq masalalar keng muhokama qilindi.
Mintaqamiz mamlakatlarining transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish, transport va logistika sohalarida yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga doir saʼy-harakatlarni faollashtirish, multimodal tashuvlarni joriy etish, buning uchun uzoq muddatli va koʻp tomonlama hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi taʼkidlandi.
Anjuman ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlarining avtomobil, havo va temir yoʻl transportini rivojlantirish yoʻlidagi hamkorligini ijobiy baholab, bunda davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar sherikligi muhim oʻrin tutishini qayd etdi.
Transport va tranzit sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda mana shunday anjumanlar muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Anjumanda kommyunike va qator protokollar imzolandi.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari 21-sentyabr kuni Samarqand shahrida boʻladi.