Bugun Ozarboyjonning Boku shahrida dzyudo boʻyicha jahon chempionati bahslariga start beriladi. Musobaqada jahonning 129 mamlakatidan 800 nafarga yaqin sportchi gʻoliblik uchun tatamiga chiqishadi. Bokudagi Milliy gimnastika arenasi mezbonlik qiladigan mazkur sport anjumanida Oʻzbekiston terma jamoasi sharafini jami 15 nafar atlet himoya qiladi. Bugungi bellashuvlarda ikki nafar hamyurtimiz medallar uchun kurash olib borishadi. Bular – Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg.) hamda Marjona Salohiddinova (-48 kg).
27 sentyabr kuni yakunlanadigan mazkur jahon chempionatida erkaklar oʻrtasidagi bellashuvlarda Sardor Nurullayev (-66 kg.), Hikmatullo Toʻrayev, Gʻiyosjon Boboyev (ikkalasi ham -73 kg.), Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg.), Davlat Bobonov (-90 kg.), Muhammadkarim Xurramov, Sherali Joʻrayev (har ikkalasi -100 kg.) hamda Bekmurod Oltiboyev (+100 kg.) oʻz imkoniyatini sinovdan oʻtkazishsa, ayollar oʻrtasida Gulnoza Ziyayeva (-52 kg.), Amina Mamedova (-57 kg.), Gulnoza Matniyazova, Shohista Nazarova (ikkalasi ham -70 kg.) hamda Nodira Yuldasheva (-78 kg.) vatanimiz shaʼnini himoya qilishadi.
Musobaqaning sovrin jamgʻarmasi 800 ming yevroni tashkil etib, shundan oltin medal sohibi 20,800 yevro pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilsa, oʻsha sportchining murabbiyiga 5,200 yevro taqdim etiladi.
Kumush medal sohibi 12,000 yevroni (murabbiyi esa 3,000 yevro) qoʻlga kiritsa, bronza medali sohiblari 6,400 yevro (murabbiyi 1,600 yevro) miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Jamoaviy bahslarda mukofot miqdori quyidagicha:
Oltin medalni qoʻlga kiritgan jamoa aʼzolari 72,000 yevro, murabbiylar shtabiga esa 18,000 yevro taqsimlab beriladi.
Kumush medal egalari 48,000 yevro (murabbiylar shtabi 12,000 yevro), bronza medali sohiblari esa 20,000 yevro (murabbiylari 5,000 yevro) miqdorida mukofotni qoʻlga kiritishadi.
Otabek Eshmamatov, OʻzA