“Auditorlik tashkiloti” soʻzlaridan foydalanishga haqli emas, agar...

2019 yilning 1 yanvaridan boshlab tijorat tashkiloti, agar u haqdagi axborot Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestriga kiritilgan sanadan boshlab uch oy davomida auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan auditorlik tashkilotlari reyestriga kiritilmagan boʻlsa, oʻz nomida “auditorlik tashkiloti” soʻzlaridan foydalanishga haqli emas.
Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 19 sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilandi.
Shuningdek, auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya litsenziatga barcha turdagi auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqini beradi.
Auditorlik tashkilotining ustav kapitali auditorlik tashkiloti faoliyatini amalga oshirishda bevosita foydalaniladigan mol-mulkdan, shu jumladan, pul mablagʻlaridan shakllantiriladi. Auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi hisoblangan auditorlarning eng kam soni kamida toʻrt nafar shtatdagi auditordan iborat boʻladi.
Aynan bitta xoʻjalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvi ketma-ket yetti yildan ortiq boʻlmagan muddatda oʻtkazilishi taʼkidlangan.

 

OʻzA