Oʻzbekistonda sanoat mahsulotining oʻsishiga nima sabab boʻldi?

2018 yilning yanvar – avgust oylarida ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 98,4 trilion soʻmni yoki oʻtgan yilga nisbatan oʻsish surʼati 107,7 foizni tashkil etdi.
Davlat statistika qoʻmitasining Sanoat statistikasi boshqarmasi 2018 yilning yanvar – avgust oylarida Oʻzbekiston Respublikasining sanoat ishlab chiqarishi boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etdi.
Ishlab chiqaradigan sanoat tarkibida yuqori texnologiyali tarmogʻining ulushi 1,4 foizni (2017 yil yanvar – avgust oylarida 2,0 foiz), oʻrta-yuqori texnologiyali – 28,2 foiz (20,4), oʻrta-quyi texnologiyali – 31,4 foiz (25,7) va quyi texnologiyali – 39,0 foiz (51,9)ni tashkil etdi.
Respublika boʻyicha ishlab chiqaradigan sanoat mahsulotining oʻsishiga oʻrta-yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sezilarli hissa qoʻshgan holda 5,6 foiz koʻrsatkich bilan 2017 yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 122,2 foizni tashkil etdi.
Texnologik jihozlarni kapital taʼmirlash ishlari kimyo korxonalari ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish hajmini oshirish imkonini berib, kaliy xlorid (2017 yil yanvar – avgustga nisbatan 133,8), ammoniy nitrat (117,0), akril asosli boʻyoq va laklar (131,6), superfosfatlar (168,2), formaldegid (1,9 martaga), azot, fosfor va kaliyli mineral oʻgʻitlar (2,8 martaga) boʻyicha oʻtgan yilga nisbatan ishlab chiqarish koʻrsatkichlari oshishi taʼminlandi.
Qishloq xoʻjaligi sohasiga yetkazib berilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar ham respublika boʻyicha oʻrta va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish mahsulotlarining oshishiga imkon berdi.
2017 yil yanvar – avgustga nisbatan yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqarish hajmlari boʻyicha pluglar 58,0 martaga, traktorlar 6,0 martaga, gʻalla oʻrish kombaynlari 18,5 foizga, oʻroq mashinalari 3,3 foizga oshirildi.
Hisobot davrida ishlab chiqaradigan sanoat mahsulotining oʻsishiga oʻrtaquyi texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarining qoʻshgan hissasi 1,1 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, korporativ boshqaruv tizimlarini zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan, metallurgiya ishlab chiqarish quvvatlarini yanada toʻliqroq ishga solish maqsadida, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy jarayonlarni boshqarish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish orqali metallurgiya sanoati korxonalarida boshqaruv samaradorligini va ishlab chiqarish hajmi (2017 yil yanvar – avgustga nisbatan 104,5 foiz) oshirilishi taʼminlandi.

 

OʻzA