Arbitraj: Xalqaro tijorat nizolarini hal qilishning samarali tizimi

Milliy iqtisodiyotimiz rivojlanishi barobarida xalqaro integratsiyasi ham tobora kuchaymoqda.

Mamlakatimizda xalqaro tijorat arbitraj sudi tashkil etilgani xorijiy investorlar, shuningdek, chet ellik hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarda milliy kompaniyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli muhofaza qilishini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizda xalqaro tijorat arbitraj rivojida hamkorlik masalalariga bagʻishlab tashkil etilgan amaliy seminarda shu haqda soʻz yuritildi. Adliya vazirligi va “Hogan Lovells” xalqaro yuridik kompaniyasi oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida oʻtkazilgan tadbirda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy faoliyat sohasidagi mutaxassislari, advokatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.

Adliya vaziri oʻrinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Yesemurat Kanyazov taraqqiyotimizning yangi bosqichida xalqaro tijorat nizolarini arbitrajlar orqali hal etish dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Bunda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari masʼul xodimlarining xalqaro tijorat nizolarini hal qilish borasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda “Hogan Lovells” kompaniyasi vakillari arbitraj muhokamasiga tayyorgarlik koʻrish, uni samarali yoʻlga qoʻyish borasidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlar va xorijlik investorlar manfaati, haq-huquqlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratib kelinadi. Bu boradagi dastlabki qadamlar 1993 yilda tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, investorlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan kafolatlarini taʼminlashga qaratilgan xalqaro Konvensiyaga qoʻshilish bilan boshlangan.

Oʻzbekiston 1995 yil 22 dekabrda Chet el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi Nyu-York Konvensiyasiga qoʻshilgani ham eʼtiborga molik.

Mazkur tadbir ushbu yoʻnalishda mutaxassislarning bilim va malakasini yuksaltirish, xalqaro tijorat nizolarini hal qilish, tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini xalqaro miqyosda himoyalashga xizmat qiladi.

Muattar Roʻziboyeva

 

OʻzA