Erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshiriladi

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi.
Uchrashuvda 17-avgust kuni bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqotda hamkorlikning bugungi holati xolisona baholanib, uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingani ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikka doir 27 hujjat imzolangani yuqori baholandi.
Emomali Rahmon Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning faoliyati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Ikki davlat delegatsiyalari uchrashuvida hamkorlikning o‘zaro manfaatli ko‘plab masalalari muhokama qilingani qayd etildi. Xususan, Tojikistondagi Sarez ko‘lining chuchuk suv zaxiralaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha loyiha tayyorlandi. Tomonlar Tojikistonda ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida 2 ta GES qurish loyihasini amalga oshirishga kelishib oldi. O‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarda yangi imkoniyatlarni kashf etish va biznes borasida hamkorlikni chuqurlashtirish belgilandi.
Muloqotda mazkur kelishuvlarni amalga oshirish, ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Iqtisodiyotning turli yo‘nalishlari, jumladan, transport va transport kommunikatsiyalari, tranzit, energetika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA