2025 yilda qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarish hajmini 50 trillion so‘mga yetkazish, 1,2 milliard dollarlik eksportni amalga oshirish va Mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda 18 million tonna sement, 48,2 million kvadrat metr qurilish oynasi, 52 million kvadrat metr keramik plitka, 95 million kvadrat metr gipsokarton va 1 million 30 ming dona sanitar-texnik buyum ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 5,2 million o‘ram gulqog‘oz va boshqa turdagi mahsulotlar ham ishlab chiqariladi.
Eksport hajmini oshirish maqsadida Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston, AQSH, Rossiya va Afg‘oniston davlatlarida 6 ta savdo uyi hamda 10 ta savdo ombori tashkil etiladi. Ushbu chora-tadbirlar orqali 50 turdan ortiq qurilish materiallari eksport qilinadi. Shu bilan birga, 20 dan ortiq yirik korxona qo‘shimcha 250 million dollarlik eksport imkoniyatini yaratishi ko‘zda tutilgan.
–2025 yilda sohada 2,4 milliard dollarlik 204 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 14 ming 211 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Jizzax shahrida “Mingyuan Silu Industry” MCHJ QK tomonidan qiymati 10 million dollarga teng bo‘lgan, yiliga 5 million kvadrat metr indiylangan va ruxlangan maxsus oyna ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Mahalliy kontent ulushini 57 foizga yetkazish maqsadida xomashyo sifati oshirilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Nukus shahrida “Qoraqalpoq Basaltwool” MCHJ tomonidan qiymati 64 million dollarlik loyiha orqali 50 ming tonna issiqlik saqlovchi mineral plitalar ishlab chiqarish boshlanadi.
Natijada 240 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 23 million dollarlik eksportni ta’minlash rejalashtirilgan. Yangi quvvatlar va investitsiya loyihalari orqali import hajmini 100 million dollarga qisqartirish ko‘zda tutilgan. Import ulushi yuqori bo‘lgan sement, qurilish oynasi, mineral momiq va shisha tola kabi mahsulotlarning ishlab chiqarish hajmi oshiriladi, – dedi J.Shermetov.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA