Aholining ekologik turmush tarzi va madaniyatini yuksaltirish, insonning tabiat bilan uyg‘un yashashi va kunlik hayotiy faoliyatining atrof-muhitga ta’sirini minimal darajaga tushirish uchun rag‘batlantiruvchi tizimni joriy qilish davr talabi bo‘lib bormoqda.

2025 yilning 1 iyuniga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan «Ekofaol fuqaro» loyihasi ishga tushirilishi taklif etildi. Ushbu loyiha «Bir million yashil oila» umummilliy harakati doirasida yo‘lga qo‘yilib, «Sog‘lom turmush tarzi» platformasini o‘z ichiga oladi. Bu haqda «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida qayd etilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: kimlarga «ekofaol fuqaro» maqomi beriladi? Ushbu maqom aholimizda ekologik turmush tarzini va ekologik madaniyatini yuksaltirish, insonning tabiat bilan uyg‘unda yashashi va har kunlik hayotiy faoliyatining atrof-muhitga ta’sirini minimal darajaga tushirish uchun rag‘batlantiruvchi tizimni joriy qilishni nazarda tutmoqda.

Taklifga ko‘ra, daraxt ekadigan, jamoat transportida harakatlanadigan, bir sutka davomida 10 ming va undan ko‘p qadam yurgan, ortiqcha vaznni kamaytirgan, chiqindi tashlashni, plastikdan foydalanishni kamaytirgan va shaxsiy avtomobilini elektromobilga o‘zgartirgan kishilar «Ekofaol fuqaro» hisoblanadi.

Shu bilan birga, ular uyiga quyosh paneli o‘rnatishi, uy fasadini energiya tejovchi materiallar bilan qoplashi, elektr yoritishni harakatlanish datchigiga o‘tkazishi hamda elektr, gaz va suv ta’minotini tejashga erishgan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, «ekofaol fuqaro» bo‘lish uchun ekologiya sohasidagi jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etish ham talab etiladi.

«Ekofaol fuqarolar» qanday imtiyozlarga ega bo‘ladi?

«Ekofaol fuqaro» maqomini olgan kishilar davlat xizmatlaridan foydalanishda chegirmalarga ega bo‘ladi. Shuningdek, ularning iste’mol kreditlari foiz stavkasiga ham chegirmalar qo‘llaniladi. «Ekofaol fuqarolar»ga velosiped, skuter kabi ekologik transport vositalari ham sovg‘a qilinishi taklif etilmoqda.

Agar oilaning barcha a’zolari «ekofaol fuqaro» maqomini olsa, bu oilaga «Yashil oila» maqomi beriladi hamda har yili lotereya orqali aniqlangan oilalarga elektromobil sovg‘a qilinadi.

Bundan tashqari, 50 foizdan ortiq oilalari «Yashil oila» bo‘lgan mahallalar «Yashil mahalla» maqomini oladi. Yashil mahallalarga chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, ijtimoiy ob’ektlarda chiqindi konteynerlarini o‘rnatish, daraxtlarni ekish va sug‘orish, «yashil jamoat parki»ni yaratish uchun zarur sharoit yaratiladi, deyiladi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotida.

Bundan tashqari, «Yashil mahalla»lar soni 50 foizdan ko‘p bo‘lgan shaharlarga «Yashil shahar», «Yashil qishloq» va «Yashil ovul» maqomi beriladi. Ta’kidlash joizki, bir avtomobil yiliga o‘rtacha 4,6 tonna karbonat angidridi gazini atmosferaga chiqaradi. Kuniga piyoda yurish natijasida esa har bir odam 1,5 tonnagacha tashlama tashlashining oldini oladi.

Qolaversa, bir oilada 100 m.kub tabiiy gaz resurslari tejalsa, bu atmosferaga 2 tonna karbonat angidridi gazi chiqarilmaydi, degani. «Yashil shahar»larda yashil va barqaror infratuzilmani tashkil etish orqali esa xavfsiz va mas’uliyatli turizm muhiti yaratiladi.

A.RUSTAMOV, O‘zA