Xitoyda metapnevmovirus tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat o‘tgan haftadan boshlab xavotirlarga sabab bo‘lib kelayotgandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu holat yuzasidan o‘z bayonotini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, Xitoy shifoxonalari bemorlar bilan to‘lgani haqidagi xabarlar asossiz. Buni mamlakat rasmiylari ham tasdiqladi.
Qolaversa, JSSTga bu davlatda noodatiy kasalliklarning epidemiologik ko‘tarilishi yuzasidan hech qanday xabar kelib tushmagan. Hududda qayd etilayotgan metapnevmovirus bilan bog‘liq hozirgi holat esa mavsumiy me’yorda.
“Hech qanday favqulodda holatlar kuzatilmagan. Ro‘yxatga olinayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, shu jumladan, metapnevmovirus darajasi qish mavsumi uchun kutilgan chegaradan oshgani yo‘q”, – deyiladi JSST bayonotida.
Umuman, ayni paytda tashkilot dunyo bo‘ylab nafas yo‘llari kasalliklari dinamikasini diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bildirgan rasmiy munosabatda ham metapnevmovirus avvaldan ma’lum infeksiya ekani, mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etilishi, kuz-qish davrida yanada faollashuvi kuzatilishi, ushbu virus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketishi ta’kidlangandi.
Qo‘mita boshqarma boshlig‘i Rustam Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ham ayni vaqtda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Yurtimizda ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinyapti va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan.
Darvoqe, ushbu kasallikdan himoyalanish uchun profilaktika va gigiyena qoidalariga rioya qilish, odamlar gavjum joylarga bormaslik, ayniqsa, yosh bolalarni olib yurishni cheklash, kasallik belgilari paydo bo‘lgan oila a’zolarini alohida saqlab, shifokor ko‘rsatmasiga asosan davolanish tavsiya etiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA