Xokkey bo‘yicha Qozog‘iston muntazam chempionatida Toshkentning “Humo” klubi o‘zining o‘ttiz birinchi o‘yinini o‘tkazdi va muhim ikki ochkoni qo‘lga kiritdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, poytaxtimiz xokkey klubi chempionat doirasida Petropavlovsk shahri sharafini himoya qiluvchi “Kulager” jamoasini “Humo arena”da qabul qildi va 5:3 hisobida zafar quchdi.

Ushbu natijadan so‘ng “Humo” 43 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, “Kulager” 27 ochko bilan to‘qqizinchi pog‘onada qoldi.

Bugun, 10 yanvar kuni mazkur jamoalar o‘rtasidagi to‘rtinchi o‘yin bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv “Humo arena”da soat 19:30 da boshlanadi. Darvoqe, 2024-25 yilgi mavsumda ushbu jamoalar jami 3 ta o‘yin o‘tkazdi va ularning ikkitasida “Humo” zafar quchdi. “Kulager” esa faqatgina bir marotaba g‘alaba qozondi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA