Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024 yildagi faoliyati sarhisobi va “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”dagi ustuvor vazifalar yuzasidan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan atrof-muhitni asrash, “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish va yashil hududlarni ko‘paytirish kabi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish va aholi salomatligini mustahkamlash borasida oliygohlar rahbarlarini tashabbuskorlikka chorladi.
Muloqot chog‘ida ta’lim muassasalari uchun xalqaro talablarga javob beradigan barqarorlik va ekologik samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilaydigan “Harakatlar rejasi”ni ishlab chiqish topshirig‘i berildi. Shuningdek, “Green Metric” xalqaro reytingida ishtirok etish orqali infratuzilmani yaxshilash, energiya va suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilar bilan ishlash hamda “yashil” madaniyatni shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etib, ekologik tashabbuslarning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. U “yashil” iqtisodiyot va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi umummilliy va global masalalarni hal etish uchun oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ekologik muammolarni hal etishda davlat organlari, xususiy sektor va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning samaradorligini oshirish maqsadida yangi texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan o‘zaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilishda “Top-500”ga kiruvchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish ishlari tahlil qilindi. Bundan tashqari, stajyor-tadqiqotchilik va doktoranturaga talabgorlarni jalb qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
2025 yilda “Yoshlar akademiyasi” tomonidan tashkil etiladigan “Bo‘lajak olim” tanlovlariga iqtidorli yoshlar va tadqiqotchilarni keng jalb qilish choralari ko‘riladi. Ushbu tanlovga turli sohalardagi talabalar va tadqiqotchilarni ham qamrab olish vazifasi qo‘yildi, yoqilg‘i-energiya resurslari barqarorligini ta’minlash, energiyani tejash va undan oqilona foydalanish masalalari 2025 yildagi muhim vazifa sifatida belgilandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA