Senat yalpi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.
Qonun bilan 2025 yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida biznes yuritishni yengillashtirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida ayrim qonunchilik hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
2025 yil uchun belgilangan soliq siyosati asosiy soliq stavkalarida qo‘shilgan qiymat solig‘i 12, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i 0,95, ijtimoiy soliq 12 (byudjet tashkilotlari – 25) foiz, aylanmadan olinadigan soliq esa o‘zgarishsiz – 4 foiz miqdorida qoldirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish (o‘stirish) uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 1 kub metrga 100 so‘m etib belgilangan.
Qonun qabul qilinishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinadi.
Qayd etilganidek, soliq siyosatida asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab qolgan holda aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilish hamda atrof-muhitni himoya qilishni rag‘batlantirish yo‘nalishlari nazarda tutilmoqda.
2025 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlar uchun soliq yukini kamaytirish orqali qulay biznes muhitini yaratish maqsadida mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i bekor qilinmoqda hamda barcha nashriyot va matbaa korxonalari 2025 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar foyda solig‘idan ozod etilmoqda.
Qonunda xalq deputatlari mahalliy kengashlarining mahalliy byudjetga oid vakolatlari kengaytirilgan. Ularga tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy soliq stavkasini eng kam va eng yuqori stavkalar (diapazonda) doirasida belgilash hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonunda byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda sog‘lom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni rag‘batlantirish masalalariga e’tibor qaratilgan.
N.Abduraimova, O‘zA