Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilingan qonun loyihasi bu yo‘nalishdagi ishlarning davomi sifatida tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov mazkur qonun loyihasi haqida batafsil ma’lumot berdi va deputatlarning savollariga javob qaytardi:
— Sud-tergov amaliyotida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlar to‘liq ishga solinmagani jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli ta’minlash choralarini kuchaytirish zarurati mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari lavozimi joriy etish va ular tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish nazarda tutilmoqda. Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.
Tergov sudyasi tomonidan sud nazorati amalga oshirilishi, sudga qadar ishni ko‘rib chiqish davomida haqiqiy tortishuv muhitining yaratilishi taraflar o‘z huquqlaridan samarali foydalanishlariga xizmat qiladi.
Tergov o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish, mulkni xatlash to‘g‘risidagi prokuror tomonidan sudga iltimosnoma kiritish vakolatini prokurorlardan tergov sudyalariga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga va jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida ham shaxs sud himoyasi ostida bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi, — dedi ma’ruzachi.
Muhokamalarda qator savollar ko‘tarildi. Jumladan, deputatlarning “tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rish vakolatining berilishi ularning faoliyatiga qanchalik mos keladi, ular uchun ikkinchi darajali ish bo‘lib qolmaydimi”, degan savoliga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari quyidagicha javob berdi:
— Bugungi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalarga ish yuklamasi ko‘pligi sababli ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rish ikkinchi darajali bo‘lib qolyapti. Shu bois, jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalarga jinoiy ishlarni ko‘rish, ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rish esa tergov sudyalari vakolatiga berilyapti. Taxminlarga ko‘ra, bitta tergov sudyasiga 1 oyda 11 ta sanksiya materiali va 200 ga yaqin ma’muriy ishni ko‘rish to‘g‘ri kelyapti.
Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA