Xitoy misolida…
Gonkongda chiqadigan “South China Morning Post” gazetasi yozishicha, Xitoy sporti tarixida ilk bor juda noxush, ko‘ngilsiz voqea yuz beribdi. Shu ma’lumotni o‘qish asnosida bexos xayolimni bir mulohaza chulg‘ab oldi: Yaxshi ko‘rgan kasbingdan o‘zing istamagan holda ketishga majbur bo‘lsang, bu – musibatdir. Zero, chin dildan, alohida ixlos qo‘yib, butun borlig‘ini bag‘ishlagan mashg‘ulotidan ayrilish kishi uchun juda og‘ir jazo. Binobarin, masalaning odilona tomoni ham bor. Korrupsiyani yo‘q qilamiz, jamiyatni poklaymiz, sofdillikni tiklaymiz, haqiqat o‘rnatamiz, to‘g‘ri yo‘ldan yuramiz, xalq oldida ham, Haq oldida ham o‘zimizni to‘g‘ri tutamiz, deb muqaddas bitiklar oldida qasamyod qilgan davlat mulozimlari, huquq-tartibot idoralari nima qilishi kerak? Gap bitta. Qonunni buzdingmi, jazo chorasiga, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bo‘ysinib, taqdirga tan berishga majbursan. Aybdorni qidirishning hojati yo‘q. Ayb o‘zingda. Ehtimoli, adashganlarga nisbatan qo‘llangan chora, belgilangan jazoga qo‘shilgan holda, jinoyatdan, ayniqsa qozining shafqatsiz hukmidan xabar topganlarning ham qalbi, vijdoni qiynalar. “Eh attang, yaxshi bo‘lmabdi-da!” deya afsus chekishar…
Xullas, endi o‘sha noxush axborotga qaytamiz, e’tibor bering:
– Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi sport sohasidagi korrupsiya va noqonuniy qimor o‘yinlariga qarshi olib borilgan 2 yillik tekshiruvni yakunladi. Mamlakat futbol assotsiatsiyasi kelishilgan (darvoqe, bunday holatda har ikki tomon jinoyatga qo‘l urgan bo‘ladi) o‘yinlarda ishtirok etgan 43 o‘yinchini umrbod sportdan chetlatdi. Tergov natijasida 128 kishi, jumladan futbolchilar umrbod diskvalifikatsiya qilindi. Aybdorlar ro‘yxatidan Koreya terma jamoasi a’zosi, millionlab ishqibozlar mehrini qozongan “erkatoy” Son Jun Xo, XXR milliy jamoasi sobiq futbolchisi Szin Szindaoning shaxsan o‘zi ham bor. Rosti, bu voqeaga munosabat bildirish uchun futbol shinavandalari ishonchi yo‘qolishiga qiyos bo‘ladigan biror ibora topolmadim. Bilmadim, endi ular avvalgi obro‘sini tiklay oladimi, yo‘q?!
Bu xabarni o‘qib, xayolimda yana bir fikr paydo bo‘ldi: ko‘pchilik Xitoy nafaqat qurilish, texnika, texnologiya, kosmosni o‘zlashtirish, ayni bir payt madaniyat, ma’naviyat va sportda, poklik va soflikda ham o‘rnak, namuna ekanini e’tirof etadi.
Kutilmaganda ushbu mamlakatning “Xinhua Finance” rasmiy nashri dunyo moliya tizimidagi eng yirik banklardan biri – “Bank of China” boshqaruvi sobiq raisi, partiya qo‘mitasi kotibi Lyu Lyange pora olganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar qildi. Aybdorning mol-mulki musodara qilinib, o‘zi har qanday fuqarolik haq-huquqidan mahrum etilgan.
Qayd etish joiz, sud hukmi ikki yildan keyin ijro etilishi belgilangan. Agar shu davrda Lyu yana jinoyatga qo‘l urmasa, o‘lim jazosi bir umrlik qamoq jazosi bilan almashtiriladi.
2023 yil oktyabrda hibsga olingan Lyange pora evaziga qonunga xilof ravishda yirik miqdorda kredit berishda ham ayblangan. Korrupsiya bo‘yicha tekshiruv natijasida ma’lum bo‘lishicha, u 121 million yuan (taxminan 17 million dollar) pul uchun 3,3 milliard yuan noqonuniy kredit ajratilishida yordam ko‘rsatgan.
Xitoy Kommunistik partiyasi axborotiga qaraganda, korrupsiyaga qarshi shu yil boshidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli amaliyotda huquq-tartibot idoralari jami 589 ming kishini javobgarlikka tortgan. Sobiq gubernator va Syannan prefekturasi Guyjou provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi muovini Chjon Yanga nisbatan sentyabr oyida 1 million yuan (141 ming dollar) jarima va 13 yillik qamoq hukmi e’lon qilingan. Pekin meri Gao Pen xonim o‘zi rahbarlik qilgan idora xodimlaridan 60 million yuan pora olgani aniqlangan. Noyabr oyida Oliy xalq prokuraturasi uni jami 8,5 milillion dollar pora olganlikda ayblab, ozodlikdan mahrum etdi.
I.Abduxoliqov. O‘zA