Koreya Respublikasi Adliya vazirligi davlat rahbari Yun Sok Yolga mamlakatni tark etish taqiqlangani haqida xabar tarqatdi.
“Ryonxap” agentligi yozishicha, mazkur qaror Prezidentga nisbatan tergov jarayoni, jumladan o‘tgan hafta e’lon qilingan harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmon tufayli davlatga xiyonat bo‘yicha ayblov yangragani bilan bog‘liq.
Tegishli taqiq haqidagi buyruq adliya vaziri tomonidan Yuqori mansabdor shaxslarga nisbatan korrupsiya bo‘yicha tergov boshqarmasi (CIO) so‘roviga asosan rasmiylashtirilgan.
Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol chorshanbaga o‘tar kechasi mamlakatni “shimolparast (KXDR nazarda tutilgan – tahririyat) kuchlardan tozalash va liberal konstitutsiyaviy tuzumni asrash” maqsadida harbiy holat e’lon qildi. Ushbu qaror muxolif Demokratik partiya tomonidan parlamentning byudjet qo‘mitasiga kiritilgan “Byudjetni qisqartirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va davlat auditori va bosh prokurorga nisbatan impichment e’lon qilish taklifi ma’qullanishi ortidan chiqarildi.
Muxolifat ayni payt Prezident, mudofaa vaziri Kim Yon Xyon, ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Li San Min, shuningdek davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholanayotgan voqeaning boshqa ishtirokchilari – bir qator harbiylar va politsiya xodimlariga nisbatan ayblov ilgari surilishini bildirgan.
Shanba kuni bo‘lib o‘tgan Koreya Respublikasi Milliy kengashi yig‘ilishida Prezident Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish taklifi yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmadi. Ya’ni, ushbu qaror uchun zarur bo‘lgan 200 nafar emas, balki 195 deputat qo‘l ko‘tardi. Aytgancha, ovoz berish jarayonida parlamentda 108 o‘ringa ega hukmron “Fuqarolik kuchi” partiyasining aksar a’zolari qatnashmagan.
11 dekabr kuni parlamentning navbatdan tashqari sessiyasi ochilishi kutilyapti. Majlisga yana bir bor impichment loyihasi taqdim qilinadi. Ovoz berish jarayoni 72 soat mobaynida o‘tkazilishi shart.
G‘.Xonnazarov, O‘zA